Andijonda pavlovniya gulladi
FOTOREPORTAJ
Andijon shahri shu kunlarda o‘zgacha go‘zal manzara kasb etgan. Boisi, ko‘cha bo‘ylab ekilgan pavlovniya daraxtlari gullab, shahar ko‘rkiga yanada ko‘rk qo‘shmoqda.
Pavlovniya – yer sharida mavjud daraxtlardan nafaqat tez o‘sishi bilan, balki, xayoliy go‘zallik kashf etib gullashi, qimmatli yog‘och, asal, biomassa manbai ekanligi bilan ham ajralib turadi.
Manzarali daraxt sifatida pavlovniya istirohat bog‘lari, xiyobonlarni bezaydi. U gullaganda asalarilar oilasi uchun yaxshigina asal manbai bo‘lib xizmat qiladi. Aprel-may oylariga to‘g‘ri keladigan gullash mavsumida ushbu daraxtdan 1 ta asalari oilasi 10-15 kilogramm asal yig‘adi. Pavlovniya plantatsiyasiga asalari oilalari qo‘yilsa bormi, 1 gektardan 5-6-yilda ming kilogrammgacha yuqori sifatli asal olish mumkin. Daraxt oralariga rezavor mevalar ekilganida esa ularning gullari ham asalari oilasi uchun yaxshigina ozuqa manbai bo‘ladi.
Pavlovniya xushbo‘y hidi bilan bir oy davomida dillarni xushnud etadi. Gulidan kosmetika sanoatida keng foydalanilib, iforidan atir olinadi. Yana bir jihati, pavlovniya gullari boshqa daraxtlarniki singari allergiya qo‘zg‘atish xususiyatiga ega emas.
[gallery-16773]
Ushbu daraxt barglari juda katta bo‘lib, odatda 70 santimetrgacha boradi. Yaproq yozganida jaziramaga qarshi soya-salqin beradi. Sovuq tushganida esa barcha daraxtlar singari bargini yerga tashlaydi. Ishning ko‘zini biladigan chorvadorlar barglarni darhol yig‘ib olib, quritadida, chorva mollariga to‘yimli ozuqa sifatida beradi. Daraxt bargi hamda shox-shabbalaridan to‘plangan chiqindidan ko‘p miqdorda bioyoqilg‘i ham olish mumkin. Pavlovniya o‘sib-ulg‘ayganda esa sip-silliq tanasidan mustahkam va sifatli yog‘och sifatida foydalanish mumkin.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA