Andijonda “Agro marafon” o‘tkazildi
Andijonda yoshlar ishtirokida “Agro marafon” loyihasi doirasida tadbirlar o‘tkazildi.
Andijon viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston yosh fermerlar Kengashi hamda Andijon viloyati Agro xizmatlar markazi hamkorligida mamlakatimizda birinchi marta tashkil etilgan “Agro marafon” tadbirida yosh fermerlar, qishloq xo‘jaligi sohasida tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlar, talabalar hamda yer olib, dehqonchilik bilan shug‘ullanayotgan yoshlar vakillari ishtirok etdi.
– Mazkur loyiha doirasidagi tadbirlar qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ish olib borayotgan va tadbirkorlik qilish niyatidagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, sohaga qiziqishini yanada oshirish, ularga motivatsiya berish maqsadida tashkil etildi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘i Oybek Yuldashev. – Qolaversa, ishtirokchilar qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish borasidagi bilim va tushunchalarini boyitdi.
Dastlab ishtirokchilar uchun Oltinko‘l tumanidagi "Baxt imkon rivoj chorvasi" ko‘p tarmoqli, naslchilik fermer xo‘jaligiga sayohat tashkil etildi. Mazkur xo‘jalikda olib borilayotgan ishlar bilan bevosita tanishildi. Fermer xo‘jaligi rahbari Faxriddin Ismoilov yoshlarga chorvachilikning o‘ziga xos jihatlari, erishilayotgan yutuqlar haqida gapirib berdi.
[gallery-4272]
Kunning ikkinchi yarmida Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalari institutida samarali ish olib borayotgan yosh fermerlar, o‘qituvchi-professorlar bilan tadbir qatnashchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda mutaxassislar tomonidan qishloq xo‘jaligida yuqori natijalarga erishish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish va sohaga oid boshqa masalalar yuzasidan ishtirokchilarga keng ma’lumotlar berildi. Yoshlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar qaytarildi.
– Joriy yil erta bahorda menga 10 sotix yer ajratib berilgan edi, – deydi tadbir qatnashchisi, Oltinko‘l tumanidagi Ijtimoiyat mahallasida yashovchi Bekzod Botirov. – Dehqonchilik qilib, yaxshigina daromad oldim. Mazkur loyiha doirasidagi tadbirlarda ishtirok etib, qishloq xo‘jaligi, dehqonchilikda ko‘p narsalarni o‘rgandim, sohaga bo‘lgan qiziqishim yanada ortdi. Ishonch bilan ayta olamanki, o‘rganganlarim kelgusida faoliyatimni samarali olib borishda albatta, menga yordam beradi.
Yakunda yuqori natijalarga erishgan agrotadbirkorlar, yosh fermerlar hamda qishloq xo‘jaligiga qiziqadigan yoshlar ishtirokida tadbir ishtirokchilari uchun “Agro marafon” motivatsion trening va mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
F.Ubaydullayev,Z.Umrzoqov (surat), O‘zA