Andijon tumanida yangi korxona ish boshladi
Andijon viloyati Andijon tumani No‘xatobod mahallasidagi sanoat hududida ko‘rpa-to‘shak mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi korxona ish boshladi.
Korxona ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov va boshqalar tomonidan keyingi yillarda butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi viloyatimizda ham mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar natijasida chekka chekka hududlarda yangi korxonalar ishga tushirilayotganligi, bu ishsiz aholi bandligini ta’minlash bilan birga, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotganligi ta’kidlandi.
Andijon tumanida KB GOLD SELIN mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Koreya texnologiyalari asosida ishga tushirilgan mazkur korxonada dastlab kuniga 500 dona turli hajmdagi ko‘rpa-to‘shak mahsulotlari ishlab chiqariladi. Buyurtmadan kelib chiqib, ishlab chiqarish hajmini bir necha barobarga oshirish imkoniyati mavjud. Umumiy qiymati 5,2 million AQSH dollariga teng mazkur loyiha jamiyatning aylanma mablag‘i hamda 1 million 680 ming AQSH dollari miqdoridagi bank krediti hisobiga amalga oshirildi.
[gallery-8565]
– Janubiy Koreya Respublikasi texnologiyasi asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimiz nafaqat ichki bozorda sotiladi, balki Rossiya, Qozog‘iston davlatlariga eksport qilinadi, – deydi korxona rahbari Sarvarbek Alijonov. – Chunki sifatli, bejirim mahsulotimizga xorijda ham talab yuqori.
Korxona ishga tushishi bilan 100 nafardan ziyod kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi, ularning aksariyati xotin-qizlardir. Korxonada ishchi-xizmatchilarning samarali faoliyat olib borishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
– Mahsulot sifatiga alohida e’tibor qaratiladi, – deydi sex brigadiri Ilhomjon Tursunov. – Shu bois mutaxassislarimiz tajriba va malakasini oshirish bo‘yicha qator rejalar belgilab olindi. Bu eng avvalo, mahsulotimiz brendini ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir ishtirokchilari ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA