Andijon tumanida 65 ming tup ko‘chat ekildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 2 noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida mamlakatimizda yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, 2 noyabrdan 10 dekabrgacha ko‘chat ekish bo‘yicha «dolzarb 40 kunlik» e’lon qilindi.
Ana shu vazifalar ijrosini ta’milash hamda “dolzarb 40 kunlik”ni samarali o‘tkazish maqsadida Andijon tumanida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida Andijon tumanidagi korxona, tashkilot, muassasalar va mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari tomonidan O‘rikzor mahallasi hamda Andijon tumani adirliklarida barpo etilayotgan «Yangi Andijon» shahrining yo‘l yoqalariga manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tkazildi.
Tumandagi 78 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi mazkur aksiyada faol ishtirok etib, “dolzarb 40 kunlik” doirasida bugungi kunga qadar 65 ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
– Ko‘chat ekish, hayotimiz, salomatligimiz uchun muhim bo‘lgan yashil hududlarni kengaytirish har bir yurtdoshimizning burchi, vazifasidir, – deydi Andijon tumani hokimi o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Ilhomjon Tojiboyev. – Shu bois ham tumanimizdagi barcha mahallalar aholisi ushbu harakatda faol ishtirok etmoqda.
Andijon tumanida mazkur yo‘nalishdagi ishlar davom etmoqda.
[gallery-4752]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA