“Andijon muzqaymog‘i”: mish-mishlar asoslimi?
Yurtimizda yoz fasli ancha issiq bo‘lishi odatiy hol. Ayniqsa, bu yil yozning dastlabki kunlaridanoq havo haddan tashqari isib ketganligi sababli salqin ichimliklar, xususan, muzqaymoqqa bo‘lgan talab ortdi.
So‘nggi yillarda “Andijon muzqaymog‘i” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan muzqaymoq turdosh mahsulotlar orasida ancha xaridorgir mahsulotga aylandi. bugungi kunda ushbu muzqaymoq nafaqat Andijon, Farg‘ona vodiysi, balki respublikamizning aksariyat viloyatlarida ham sotilmoqda.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlar, ba’zi bir telekanallarda reydlar o‘tkazilganligi, “Andijon muzqaymog‘i”ning sifati, sanitariya gigiyenik holati xususida salbiy fikrlar bildirilganligidan ko‘pchilikning xabari bor.
Ana shu shov-shuvlar, umuman, Andijonda ishlab chiqarilayotgan muzqaymoqlarning sifati, iste’molga yaroqsizligi xususidagi gap-so‘zlar qanchalik asosli? Bu haqda ishlab chiqaruvchining o‘zi nima deydi? Umuman, muzqaymoq qay tarzda tayyorlanadi, uning xaridorgir bo‘lishining asosiy omillari nimada? Shu haqda Andijon shahridagi “Surpriz ice crem” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Hikmatullo Madrahimov bilan suhbatda bo‘ldik.
– Andijonda muzqaymoq ishlab chiqaruvchi korxonalar talaygina, – deydi H.Madrahimov. – Ulardan biri bizning korxonamiz hisoblanadi. Korxonamizda kuniga 40 turdagi bir necha tonna muzqaymoqlar ishlab chiqariladi. Mahsulotlarimizning barchasiga amaldagi tartiblar asosida tegishli sertifikatlar olingan.
Mahsulotlarimizni ulgurji sotib oluvchilarga, savdo do‘konlariga tarqatamiz. Bundan tashqari, maxsus aravachalar tayyorlaganmiz. Aravachalarni ishchilarimizga, hamkorlarimizga berish orqali ham mahsulotlarimiz sotuvini tashkil etganmiz.
Aravachalarimiz belgilangan sanitariya-gigiyena talablariga to‘la javob beradi. Aravachaga muzlatgich, ustini soya qilib turuvchi maxsus zont o‘rnatilgan. Sotuvchilarimiz ham doimiy ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Qo‘llarida qo‘lqop bilan, umuman, muzqaymoq sotish talablari doirasida mijozlarga xizmat ko‘rsatiladi. Aravachalarimiz maxsus qo‘l yuvish va antiseptik vositalar bilan ham ta’minlanganligini alohida ta’kidlashim joiz.
Korxonamizda mahsulot sifatiga alohida e’tibor qaratiladi. Chunki sifat bozorda o‘z o‘rnimizni topishimiz, daromadimiz qay darajada bo‘lishini belgilovchi eng muhim omil hisoblanadi.
Xitoy, Yevropa davlatlaridan olib kelingan zamonaviy uskunalar yordamida maxsus retsept asosida mahsulot tayyorlaymiz. Tayyor mahsulot ham albatta ko‘rikdan o‘tkazilgandan keyingina sotuvga chiqariladi.
Qariyb 15 yildan buyon faoliyat yuritamiz, 50 nafarga yaqin ishchi-xodim bor. Har bir xodim, har bir ishchimiz o‘z ishining malakali mutaxassisiga aylangan. Mahsulotlarimizning mazaligi, sifatga alohida e’tibor qaratayotganligimiz, qolaversa, narxlarimizning nisbatan arzonligi “Andijon muzqaymog‘i”ning ommalashishiga, xaridorgir bo‘lishida muhim omil bo‘lmoqda, deb hisoblaymiz.
Shu paytga qadar mahsulotimizning sifati, narxi yuzasidan hamkorlarimiz yoki xaridorlardan e’tirozlar bo‘lgani yo‘q. Ayrim joylarda bizning mahsulotimizni ulgurji sotib oluvchilardan olib, belgilangan talablarga amal qilmagan holda sotilish hollari bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Lekin bunga bizning aloqamiz yo‘q. Barcha hamkorlarimizga muzqaymoqni belgilangan talablar doirasida sotishga alohida e’tibor qaratishlarini tavsiya etamiz.
[gallery-2886]
Ijtimoiy tarmoqlarda “Andijon muzqaymog‘i”ning sifati yuzasidan bildirilgan salbiy fikrlarni asosli, deya olmayman. Chunki o‘sha mahsulot aynan bizning mahsulot bo‘lmasligi mumkin. Mutaxassislarimiz tomonidan mahsulotlarimizning sifati, sotilishi yuzasidan doimiy o‘rganishlar olib boriladi. Ayrim hollarda “Andijon muzqaymog‘i” deb sotilayotgan muzqaymoqlar qo‘lbola tayyorlangan muzqaymoq bo‘lib chiqqaniga o‘zimiz ham ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz.
Korxona rahbarining kuyinishida ham jon bor. Chunki mazkur maqolani tayyorlash jarayonida katta yo‘l bo‘ylarida “Andijon muzqaymog‘i”ni sotayotgan ba’zi fuqarolar bilan suhbatda bo‘lganimizda, ularning aksariyati ishlab chiqaruvchiga umuman aloqasi yo‘qligi, ba’zilari esa muzqaymoq sotish tartiblariga, sanitariya-gigiyena me’yorlariga amal qilmayotganligini kuzatdik.
Shu o‘rinda yana bir gap. Yurtdoshlarimiz muzqaymoq sotib olishda o‘zlarining, ayniqsa, farzandlarining salomatligini o‘ylashi, muzqaymoq sotish, sanitariya-gigiyena talablariga zid holda yo‘l bo‘ylarida sotilayotgan muzqaymoqlarni imkon qadar sotib olmasalar maqsadga muvofiq bo‘ladi. Qolaversa, ko‘pchilikning salomatligi bilan bog‘liq ushbu masalaga keng jamoatchilik ham e’tiborsiz qaramasligi lozim.
Xo‘sh, muzqaymoq, salqin ichimliklarning sifati, saqlanish va sotilish tartiblari qanday bo‘lishi kerak? “Andijon muzqaymog‘i” sifati xususida O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Andijon viloyat boshqarmasi mutaxassislarining fikri bilan qiziqdik.
Dilfuzaxon Mirzaalimova, boshqarma ovqatlanish gigiyenasi bo‘limi sanitariya vrachi:
– Boshqarmamiz laboratoriyasi tomonidan viloyatimizda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, muzqaymoqlarga tegishli tartibda sertifikatlar beriladi. Bundan tashqari, Baliqchi, Jalaquduq tuman bo‘limlarimizda ham ana shunday sertifikat taqdim etish yo‘lga qo‘yilgan.
Mavjud laboratoriyalarimizda besh xil turdagi, ya’ni kimyoviy, zaharli og‘ularni aniqlash, radiologik, parazitologik va baktereologik tahlillar olinadi. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchilarning xohishi bilan shartnoma asosida mahsulotlar sifati ham tekshirilib, tegishli xulosalar berib boriladi.
Muzqaymoqlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 16 noyabrdagi “Yuridik va jismoniy shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazishni hamda ular tomonidan savdo faoliyati amalga oshirilishini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida turg‘un va ko‘chma savdo nuqtalarida sotilishi belgilangan. Yumshoq (frezerli) muzqaymoq faqat turg‘un savdo nuqtasida sotilishi shart.
Joriy yilda viloyatimizda ishlab chiqarilayotgan muzqaymoqlar, shu jumladan, “Andijon muzqaymoq”lari sifati, ulardan zaharlanish bo‘yicha biror bir shikoyat yoki e’tiroz qayd etilgani yo‘q.
Lekin xalqimiz, ayniqsa, bolajonlarimiz salomatligi bilan bog‘liq muzqaymoqlarning sifati, sanitariya-gigiyena me’yorlari asosida sotilish masalasiga befarq qaramasligimiz lozim. Chunki xavfsizligi kafolatlanmagan, saqlash va savdo qoidalariga rioya etilmagan holda sotilayotgan muzqaymoqlarni iste’mol qilish natijasida zaharlanish, o‘tkir yuqumli kasalliklar kelib chiqishi mumkin.
Keyingi yillarda biznes muhitini yaxshilash, tadbirkorlarga erkinlik va imkoniyatlar berish, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada kichik va xususiy biznes sub’ektlarining xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishdagi hissasi, iqtisodiyotimiz rivojidagi ulushi tobora ortib bormoqda. Shunday ekan, yuqoridagi kabi shov-shuvli reydlar, teng sharoitlarda, halol va qonuniy ish olib borayotgan tadbirkorlar faoliyatiga soya solmasligi kerak.
Xulosa o‘zingizdan...
Faxriddin Ubaydullayev, Zuxriddin Umrzoqov (surat), O‘zA