Andijon davlat texnika instituti bitiruvchilariga diplomlar topshirildi
FOTOREPORTAJ
Bobur shahrida Andijon davlat texnika institutining 2026-yilgi bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, ta’lim faxriylari, yirik ish beruvchi tashkilotlar vakillari, bakalavriat va magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
[gallery-30359]
Tadbirni institut rektori, texnika fanlari doktori, professor Umid Turdialiyev ochib, mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli ta’lim olishi va zamonaviy kasb-hunar egallashi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, bitiruvchilarni hayotlarining yangi bosqichi bilan tabriklab, ularning mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
Marosimda Qozog‘istonning Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan “Almaty TechCup XII: Age of AI – Future Race” xalqaro chempionati g‘oliblari bo‘lgan institut talabalari taqdirlandi. Shuningdek, ta’lim, ilmiy-tadqiqot, innovatsion loyihalar hamda xalqaro tanlov va musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan bir guruh talabaga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tashakkurnomalari topshirildi.
Shundan so‘ng bakalavriat va magistratura bosqichlarini muvaffaqiyatli yakunlagan yoshlarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida: joriy yilda Andijon davlat texnika institutini transport, energetika, qurilish, iqtisodiyot va boshqa 30 dan ortiq ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha jami 1864 nafar bitiruvchi muvaffaqiyatli tamomladi.
Tadbir konsert dasturi bilan davom etdi.
Zuhriddin UMURZOQOV(surat),O‘zA