ANATOMICÁ – mamlakatimiz tibbiyotining ovozi!
Onamning o‘rni juda bilinyapti! Nasihatlarini sog‘indim. G‘amxo‘rligi, mehri, hayotiy tajribasini ham. Ota uyimdan kelin bo‘lib ketganimdan so‘ng ham barcha muhim bosqichlardan onam bilan birga o‘tganmiz. Ilk bora bolamning isitmasi chiqishi, qorni dam bo‘lishi, vannada cho‘miltirishim, emlanishi...
Onamning otamga ko‘rsatgan g‘amxo‘rligidan o‘rnak olib, turmush o‘rtog‘imga munosabatim shakllandi. Onamning bergan tarbiyasiga qarab, farzandlarimning ta’limi, sog‘ligiga yondashdim...

“Muharrir maktubi” rukni ostida so‘zlab berilgan mazkur voqea muallifi ANATOMICÁ jurnalining bosh muhariri Barno Ikramova bo‘lib, muharrir tomonidan o‘quvchilarga “Oila siz uchun nima? mavzusi o‘rtaga tashlandi. Shuningdek, jurnalning navbatdagi sonida ekspertlar tomonidan oila mavzusiga oid turli ma’lumotlar taqdim etildi.
ANATOMICÁ jurnalining tashkil topganiga ikki yil to‘ldi. Poytaxtimizda mazkur jurnalning tashkil topgan sanasiga bag‘ishlangan tantanali tadbir tashkil etildi hamda jurnalning yangi soni namoyishi va tahririyat tomonidan ikki yil davomida amalga oshirilgan ijtimoiy fotoloyihalarning ko‘rgazmasi ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda jurnal bosh muharriri Barno Ikramova, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari E.Bositxonova, innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Sh.Turdiqulova, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sh.Qudratxo‘ja, klinika rahbarlari, shifokorlar va nashr hamkorlari ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan ikki yil davomida jurnalning sakkizta soni o‘zbek, rus tillarida, 3 000 – 5 000 adadda, har chorakda nashrdan chiqdi. Ushbu qisqa vaqt davomida jurnal sonlarida 300 dan ortiq maqolalar chop etildi. Ularda mualliflar inson hayotidagi dolzarb mavzularga jamiyat e’tiborini qaratishga harakat qildi.
Shuningdek, mazkur jurnalda tutingan oilalardagi bolalar bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, ularda sodir bo‘ladigan ruhiy o‘zgarishlar, vitiligo kasalligiga chalingan insonlarga nisbatan kamsitish muammolarini bartaraf etish, nogironligi bo‘lgan insonlarning hayotda, sport va san’atda iroda kuchi ila yuksak marralarni zabt etishga chorlash, uyda ruhiy sog‘ligida muammosi bo‘lgan bolalarni tarbiyalash kabi ijtimoiy ahamiyatli mavzular keng yoritib boriladi.

ANATOMICÁ jurnali tahririyati sohada ilg‘or faoliyat yuritgan, yuksak natijalarga erishgan birlamchi bo‘g‘in tibbiyot xodimlari uchun maxsus “Iftixor” mukofotini ta’sis etdi. Joriy yilda o‘z kasbiy majburiyatlarini bajarishda fidoiylik ko‘rsatgan uchastka shifokorlari, hamshiralar, “Tez yordam” feldsherlari, sanitar ayollar, “Tez yordam” avtomobillari haydovchilari mazkur mukofotni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Shuningdek, tahririyat 2021 yilda tibbiy turistlarni eng ko‘p jalb qilgan tibbiyot muassasalarini maxsus nominatsiyada e’tirof etdi. Bundan tashqari, davlat va xususiy tibbiy klinikalar faoliyati (tahlillar, maqolalar, intervyular, fotoloyihalar, klinikalarning afzalliklari, usullari va davolash samaradorligini ko‘rsatgan holda ularga uyushtirilgan virtual turlar), olimlarimiz va tibbiyotchilarimiz yutuqlarini yoritish orqali mamlakatimiz tibbiyotining ovoziga aylandi.
Aholining tibbiy savodxonligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, mamlakatimiz tibbiyotini ommalashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirishga doir masalalar, shu jumladan sog‘liqni saqlash tizimida o‘tkazilayotgan transformatsiya va modernizatsiya ishlarini yoritish, tibbiy klinikalar va muassasalar ishi, tibbiyot sohasidagi yutuqlarni ANATOMICÁ media platformasi vositasida targ‘ib qilish jurnalning asosiy maqsadidir.
bugungi kunda jurnal tibbiy turizmning rivojlanishi va ommalashuviga ko‘maklashib kelmoqda. Tibbiy xizmatning yuqori sifatini yuzaga chiqarishga yordam berib, respublikamiz xududlarida joylashgan sanator-kurort sihatgohlar, tibbiy klinikalar va yetakchi markazlar haqida ommaga keng ma’lumotlar yetkazib bermoqda.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, ANATOMICÁ jurnalining ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar fotoko‘rgazmasi O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida joriy yilning 27 dekabriga qadar o‘tkaziladi.
Fotoko‘rgazmada tahririyatning Ernest Kurtveliyev, Nanaxan, Anastasiya Shadiyeva, Vitaliy Mun, Konstantin Bolotov, Yevgeniya Arutyunova, Aleksandr Borisov va Malena Radjyus, Sergey Urunbayev kabi fotosuratchilar bilan hamkorlikdagi loyihalari namoyish etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA