An’anaviy suhbatlarning xatmonasi bo‘lib o‘tadi
bugungi kunda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining farzandlari Ismoil Muhammad Sodiq domla imom-xatiblik qilayotgan masjid haqiqatda ma’rifat maskaniga aylandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2019 yilda ochilgan masjid, nomiga yarasha faoliyat yuritmoqda. Islom olamining zabardast olimlari tashrifi hamda yurtimizning peshqadam ulamolari bilan o‘tkazilgan va davom etayotgan ilm majlislaridan masjid ham, dindoshlarimiz qalbi ham nurga to‘lmoqda.
O‘tgan yili buyuk ajdodimiz Imom Termiziy hazratlarining «Shamoili Muhammadiya» asari masjid imom noibi, Qur’oni Karim xodimi Hasanxon Yahyo Abdulmajid tomonidan sharhlangan bo‘lsa, hozirda yana bir buyuk asar – Imom Navaviyning «Arba’in» asari har juma kuni sharh qilinyapti.
Ushbu Rabi’ul avval oyi ham chin ma’noda siyratni o‘rganish va o‘rgatish oyi bo‘lmoqda. O‘zbekiston Musulmonlar diniy idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hazratlari boshchiligida tashkil etilgan siyrat suhbatlarida yurtimiz ulamolari tomonidan Rasuli akram alayhissalomning go‘zal xulqlari, risolatlari, ta’riflari borasida manfaatli ma’lumotlar berilyapti.
Jumladan, shu kungacha Toshkent shahar bosh imom-xatibi Sayyid Rahmatulloh Termiziy, Toshkent Islom instituti katta ustozi Muhammad Ayyubxon Homidov, Uchtepa tumanidagi «Burhoniddin Marg‘inoniy» jome masjidi imom-xatibi, yurtimizning ardoqli ulamolaridan biri Abdulhamid domla Tursunov, «Shayx Zayniddin» jome’ masjidi imom-xatibi Yahyo domla Abdurahmonov, Toshkent Islom instituti katta ustozi Abdul Azim Ziyouddin, «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» jome masjidi imom noibi Bahodir domla Rahmatulloh, «Dorul omon» jome masjidi imom-xatibi Abdulhamid Juman domlalar «Siyratda insoniyatga muhabbat», «Payg‘ambar alayhissalomning bolalarga munosabatlari», «Siyratni o‘rganishning ahamiyati», «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlaridagi oyatlar tafsiri», «Siyratda uxuvvat», «Siyratda kechirimlilik xulqi», «Rasululloh xonadonlarida» mavzularida suhbat qilib berdilar.
Ushbu suhbatlar Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari asos solgan islom.uz portali va ijtimoiy tarmoqlardagi barcha sahifalarda jonli taqdim qilinmoqda.
Lekin hikmatlarda «Vaqt – qilich kabidir, sen uni kesmasang, u seni kesadi», deyilganidek, ushbu suhbatlar ham nihoyasiga yetib bormoqda.
Ikki olam sarvari, bashariyat afzali, Alloh taolo zikrini baland, qadrini oliy qilgan zot – Muhammad sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan Rabi’ul avval oyi munosabati bilan janobimiz alayhissalomning siyratlarini o‘rganish, xalqimizga ma’rifat nurlarini sochish uchun Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari boshlab bergan an’anani davom ettirgan holda u kishining nomlari berilgan masjidda o‘n ikkinchi marotaba mavlud tadbiri, siyrat suhbatlari xatmonasi tashkil etilmoqda.
26 oktyabr kuni mazkur an’anaviy suhbatlarning xatmonasi sifatida katta tadbir bo‘lib o‘tadi. Unga yurtimizdagi mo‘’tabar ulamolar, ahli ilmlar, imom‑xatiblar taklif qilingan.
Qamariddin Bekmuhammad