An’anaviy qadriyatlar – xalqlar birligining asosi
Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida “An’anaviy qadriyatlar – xalqlar birligining asosi” mavzusida Osiyo forumi bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda mamlakatimiz jahon hamjamiyatiga faol integratsiyalashmoqda. Binobarin, ijobiy o‘zgarishlar qatori an’anaviy qadriyatlarga sirtdan rahna solish xavfi saqlanib qolayotgani ham sir emas. Demak, yuzaga kelayotgan muammolar, ehtimoliy yangi taxdidlarni aniqlash orqali an’anaviy qadriyatlarni saqlash bo‘yicha samarali choralar belgilash forumning asosiy maqsadi etib belgilanishi bejiz emas.
Bugungi globallashuv davrida yoshlarda sog‘lom e’tiqodni shakllantirish, millatlararo totuvlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlash, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilashga ustuvor ahamiyat berish lozim.
Mazkur tadbirda ham oilalarda yoshlar tarbiyasi va ma’naviy muhitni yaxshilashga qaratilgan xalqaro tajriba o‘rtoqlashildi.
“Oila va tinchlik” dasturining an’anaviy oilaviy qadriyatlarni himoya qilish bo‘yicha tashabbuslarini amalga oshirish doirasida o‘tkazilgan forum orqali oilani himoya qilish uchun jahon hamjamiyatini birlashtirish ko‘zda tutilgan.
“Pravoslav ayollar uyushmasi” xalqaro jamoat tashkiloti ko‘magida Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi, mamlakatimizdagi Rus madaniyat markazi, “Sharq Ayoli” xalqaro jamoat fondi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Rossiya davlatlaridan vakillar ishtirok etdi.
Go‘zal Sattorova, Davron Ernazarov (surat),
O‘zA