“Anadolu”: Yangi Toshkentda 2,5 milliard dollarlik 10 ta yirik loyihaga start berildi
Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligi Yangi Toshkentda 10 ta yirik loyiha qurilishiga start berilgani haqida xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda bunyod etilgan inshootlarni ishga tushirish va yangi loyihalarning qurilishiga start berish marosimida qatnashgan.
“Anadolu” xabar berishicha, yangi loyihalar doirasida turar joylar va jamoat binolari, biznes va savdo markazlari, mehmonxona, shifoxona, xizmat ko‘rsatish hamda infratuzilma ob’ektlari quriladi. Turkiya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari kompaniyalari ishtirokidagi loyihalar Yangi Toshkentni ishbilarmonlik, turizm va madaniyat markazi sifatida rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, shaharda 2 ming gektar yashil hudud va 500 gektar istirohat bog‘lari tashkil etish, “Yashil qurilish” standartlari asosida 150 million kvadrat metr turar joy va tijorat maydoni qurish rejalashtirilgan.
Marosimda turar joylar, universitet, jamoat binolari va infratuzilma ob’ektlarini o‘z ichiga olgan, umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan 7 ta ob’ekt ham foydalanishga topshirilgan.
D.HAKIMOV,
O‘zA