Amir Temur siymosi – milliy davlatchiligimiz timsoli
Bu yil Sohibqiron bobokalonimiz Amir Temur tavalludining 688-yilligi keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab turli ma’rifiy tadbirlar, davra suhbati va uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri bugun O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashida «Amir Temur siymosi – milliy davlatchiligimiz timsoli» mavzusida o‘tkazildi.
Ochiq muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Ab-u Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi Sanjar G‘ulomov, Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi Botir Yo‘ldoshev va boshqalar istiqlol tufayli Sohibqiron Amir Temur haqidagi adolat qaror topganini ta’kidlab, Amir Temur va Temuriylar davri haqida tarixiy manbalarda keltirilgan ma’lumotlar haqida so‘z yuritdi.

– Amir Temur ma’naviy salohiyati bir xalqqa xizmat qilish chegarasidan chiqib, umumbashariy ijtimoiy omilga aylandi, – dedi olim Sanjar G‘ulomov. – Shu jihatdan uning nomi, siymosi xalqimizni birlashtirishda, jipslashtirishda, qudratli kelajagimizni qurishda bizga hamon kuch-quvvat va shijoat bag‘ishlab turibdi. Qonun ustuvorligi sohibqiron Amir Temur davlatining belgilovchi xususiyati sifatida uning haqiqiy poydevorini tashkil etgan va u o‘z davrining salohiyatli huquqshunosi, fiqhshunos va olimi bo‘lib, davlatga rahbarlik qilgan. Ulug‘ ajdodimizning hayot yo‘li tarixchi olimlar, shoir va yozuvchilarning doimiy e’tiborida bo‘lib, minglab tadqiqotlar va yuzlab badiiy asarlarga mavzu va ilhom bergani, 600-yil mobaynida Amir Temurga bag‘ishlab Yevropa tillarida 500 dan ziyod, Sharq tillarida esa 900 ga yaqin yirik tarixiy asarlar yozilgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.

Muloqotda Sohibqironning siyosiy va huquqiy qarashlari majmuasi bo‘lgan «Temur tuzuklari» haqida ham so‘z bordi. Qayd etilganidek, «Tuzuk» so‘zining lug‘aviy ma’nosi qonun-qoidalar to‘plami, nizom, deganidir. Boshqacha aytganda, Tuzuk – Konstitutsiya, davlatning Asosiy qonuni deganidir. Shu ma’noda «Temur tuzuklari» Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega bo‘lib, shariat qonunlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari taqdiriga kuchli ta’sir o‘tkazgan.

Ochiq muloqot davomida Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan turli mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi hamda Amir Temur siymosi bilan bog‘liq savollarga javob qaytarildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA