Amir Temur Haj ziyoratiga borganmi?
Sohibqiron har doim musulmon ruhoniylarining barcha namoyondalari bilan oʻta doʻstona munosabatda boʻlgan. Bu unga otasidan oʻtgan hislat edi.
Sohibqiron har doim musulmon ruhoniylarining barcha namoyondalari bilan oʻta doʻstona munosabatda boʻlgan. Bu unga otasidan oʻtgan hislat edi.
Padari buzrukvori Taragʻay islomda taqvodor boʻlib, koʻp vaqtini darveshlar bilan oʻtkazardi. Chigʻatoy ulusining nufuzli beklaridan biri boʻlgan bu bahodir – shayx Shamsiddin Kulolni oʻziga pir tutgandi. Sohibqironning ham bu pirga ixlosi juda kuchli boʻldi. Saltanatni boshqargan chogʻlarida ham ushbu piri qabrini ziyorat qilib turdi. Temur oʻziga pir deb bilgan avliyolar soni ortib bordi.
Sohibqiron shariat arkonlarini mustahkamlash, islom dini qonun-qoidalariga qatʼiy rioya qilinishiga alohida eʼtibor berdi. Islom dinini yoyishga butun kuch-quvvatini sarfladi. Tarixda islom dini va uning qonun-qoidalarining otashin homiysi sifatida nom qoldirdi.
ULUGʻ PIRLAR DUOSI IJOBAT BOʻLDI
Temur piri murshidlar, ruhoniy (maʼnaviy) ustozlarga oʻz saroyining toʻridan joy berdi. U har vaqt oʻzi ham shariat qonun-qoidalariga qatʼiy amal qildi. Tarixchi Ibn Arabshohning qayd etishicha, shayx Shamsiddin Kuloldan olgan duosini Sohibqiron doimo oʻz muvaffaqiyatlarining eng birinchi sababi deb bilgan.
Amir Temur pirlaridan biri, asli Makka shahridan boʻlgan Sayyid Baraka 1370-yilda Balx qalʼasi egallanishidan oldin Temurning oldiga keladi. Ulugʻ shayx Temurga hokimiyat ramzi hisoblangan nogʻora va bayroq tutqazib, uning porloq kelajagidan bashorat qiladi.
Bundan tashqari, Sayyid Baraka oʻz duosi bilan Sohibqironning gʻanimlarga qarshi kurashida ham uni qoʻllab-quvvatlaydi. Masalan, Ibn Arabshohning maʼlumot berishicha, 1391-yilda oʻrta asrlardagi eng yirik janglardan biri – Qunduzcha jangi oldidan Sayyid Baraka duo qilib, omad tilagani uchun Amir Temur undan gʻoyatda mamnun boʻlgan.
1391-yil 18-iyun – jang kuni erta tongda Sohibqiron qoʻshini koʻz oʻngida otdan tushib, Allohdan madad tilab ikki rakat namoz oʻqiydi. Har ikki tomondan 500 mingga yaqin jangchi ishtirok etgan muhoraba Sohibqiron gʻalabasi bilan yakunlanadi.
DAMASHQQA TASHRIFNI JOMEDAN BOSHLAGAN
Temur oʻzi zabt etgan mamlakatlarda ham ruhoniy rahbarlarni himoyasiga olardi. Koʻpincha ular shaxsan Sohibqiron huzuriga keltirilardi. Amir Temurda katta taassurot qoldirsalar, ularni oʻz saroyida yoki Samarqandda xizmat qilishga taklif etar yoki oʻz mamlakatlarida qolishlariga bagʻrikenglik bilan ruxsat berardi. Temur din ulamolarini doimo omonlikda saqlagan.
Sohibqiron aziz avliyolar hurmatini bajo keltirib, ular xotirasiga alohida ehtirom bilan qaragan. Oʻrta asr tarixchilari tomonidan manbalarda qayd etilishicha, “Dunyo jannati” deb atalgan Damashq shahrida turganida Muhammad paygʻambarning xotinlari Umm Salama va Umm Habibaning maqbaralari ustiga munosib gumbazlar qurdiradi. Damashqqa kelganining birinchi kuniyoq Temur, eng avval, umaviylarning mashhur Jomesini ziyorat qilib, unda namoz oʻqiydi.
Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida keltirilishicha, Amir Temur tasavvufning mashhur namoyondalaridan biri, xalq orasidagi “Madinada Muhammad, Turkistonda Xoja Ahmad” degan naql sohibi Ahmad Yassaviyning Yassi shahridagi qabrini koʻp ziyorat qilgan. Uning farmoniga koʻra bu tabarruk shayxning qabri ustida ulkan maqbara majmui bunyod etilgan. Binoning loyihasini ishlab chiqishda Temurning oʻzi shaxsan ishtirok etgan.
SOHIBQIRONNING QATʼIY ODATI
Mualliflar jamoasi tomonidan yaratilgan “Amir Temur jahon tarixida” nomli kitobda qayd etilganidek, aziz avliyolarning mozorlarini va muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish Sohibqiron uchun qatʼiy odat edi. Temur har qachon, hatto harbiy yurishlari paytida ham bu odatga soʻzsiz amal qilardi. Aziz avliyolarning mozorlari joylashgan shaharlarga zoti poklarning hurmati yuzasidan ziyon-zahmat etishiga yoʻl qoʻymasdi.
Mashhur arab tarixchisi va mutafakkiri Ibn Xaldun (1332–1406) qamal qilingan Damashqqa kelib qoladi. Shu asnoda u Amir Temur tomonidan qabul qilinadi va ikki buyuk inson oʻrtasida uzoq va maroqli suhbat boʻlib oʻtadi. Uchrashuv chogʻida mashhur tarixchi Sohibqironga Qurʼoni karimning goʻzal bir nusxasini hadya qilganda Amir Temur shoshilinch oʻrnidan turib, muqaddas kitobni oʻpib boshiga qoʻygan.
Amir Temur boshqa davlatlar, ayniqsa, musulmon davlatlari boshliqlariga yoʻllagan maktublarida Qurʼon oyatlaridan koʻp foydalanardi. Masalan, 1393-yilda quldan chiqqan hukmdor – Misr sultoni Barquqqa joʻnatgan ikkinchi maktubida Sohibqiron tegishli oʻrinlarda etti marta muqaddas kitobdan oyatlar keltirib, oʻz fikrini ifoda qilgan.
HAJ HAQIDAGI OʻYLAR
Umrining oxirlarida, xususan, usmonli turk sultoni Boyazid Yildirim ustidan 1402-yilda Anqara jangida qozongan gʻalabasidan keyin Amir Temur “Shaharlar onasi” Makkai mukarramani ziyorat qilib, haj ibodatini ado etishni maqsad qilgan.
XV asrning mashhur Misr tarixchisi Ibn Tagʻriberdining “Misr va Qohira podshohliklarida koʻrinuvchi yulduzlar” asarida yozilishicha, 1404-yilda Sohibqironning Makkai mukarrama ziyoratiga kelishi haqida muqaddas shaharda xabar tarqalgan. Makka amiri Turon mamlakati sohibini munosib ravishda kutib olishga hozirlik koʻrgan. Biroq nomaʼlum sabablarga koʻra Sohibqironning ushbu ziyorati amalga oshmay qoldi.
Sohibqiron hayotida bu muqaddas maskan bilan bogʻliq voqealar ham boʻlgan. Masalan, Damashq qamali vaqtida shahar qalʼasida muqaddas shaharlar – Makka va Madinaga tegishli boʻlgan vaqf erlaridan yigʻib olingan gʻalla hosili yashirib qoʻyilgani xabari Amir Temur qulogʻiga etadi. U ushbu gʻallani darhol sottirib, tushgan mablagʻni Makka va Madina shaharlari amirlari ixtiyoriga yuboradi. Quddusi sharifga ham Sohibqiron nomidan qimmatbaho sovgʻalar joʻnatiladi.
Alisher EGAMBERDIYEV,
Oʻzbekiston Milliy universiteti
Tarix fakulteti talabasi