Amir Temur — buyuk davlat arbobi va qudratli sarkarda
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida Amir Temur tavalludining 685 yilligi munosabati bilan «Amir Temur: tarixi, saboqlari va hozirgi zamon» mavzuidagi anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda vazirlik mas’ullari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilari, O‘zbek milliy drama teatri aktyorlari, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda Sohibqiron nafaqat o‘z davridagi eng qudratli davlat asoschisi, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat homiysi, balki Osiyo va Yevropa qit’alarida ro‘y bergan tarixiy o‘zgarishlarga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatib, dunyo rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan shaxs ekanligi ta’kidlandi.

— Buyuk sarkarda bobomizning hayoti, harbiy-siyosiy faoliyati, jangovar san’ati, vatanparvarlik, xalqparvarlik, mardlik va jasorat fazilatlari kursantlarda shijoat, havas va hayrat uyg‘otadi, – deydi akademiya katta o‘qituvchisi Farhodjon Xojayev. — Albatta, akademiya kursantlari ham Sohibqiron Amir Temur bobomizga munosib avlod bo‘lib, mard, jasur, yurtning munosib himoyachisi bo‘ladi.
Tadbir davomida akademiya kursantlari tomonidan o‘zbek, rus, ingliz tillarida Buyuk sarkarda bobomizga atab yozilgan she’rlar o‘qildi, badiiy sahnalashtirilgan spektakllar namoyish etildi.
Tadbirda faol qatnashgan mehmonlarga akademiyaning tashakkurnoma va faxriy yorliqlari topshirildi.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA