Amaliy natijalarga hamkorlikda qadam
Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashib, katta tajriba toʻplagan xitoylik shifokorlar mamlakatimizda boʻlib turibdi.
Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashib, katta tajriba toʻplagan xitoylik shifokorlar mamlakatimizda boʻlib turibdi. Bugun ular Namanganda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishmoqda.
Mehmonlarni Namangan viloyati koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish ishlarini muvofiqlashtirish shtabi rahbari Paxriddin Matkarimov va viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Solijon Moʻminov kutib olishdi. Mehmonlar avval muvofiqlashtirish shtabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Xitoyning Jyang provinsiyasidan kelgan 7 nafar shifokor viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasida tashkil etilgan videokonferensiyada ishtirok etishdi. Tadbir oldidan viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi rahbar va mutaxassislari ishtirokidagi uchrashuvda viloyatdagi epidemiologik vaziyat xususida maʼlumot berildi. Boshqarma bosh mutaxassisi Dilshod Hoshimov karantin tadbirlarining koʻlami, koronavirusga chalingan bemorlarni sogʻaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Ayni vaqtda 43 nafar bemorning toʻliq sogʻayganligini taʼkidlandi.
Boshqarmada shahar va tuman tibbiyot birlashmalari hamda viloyat davolash-profilaktika muassasalari bilan onlayn tarzda videomuloqot oʻtkazildi. Norin, Namangan va Chust tumanlarining tibbiyot birlashmalaridan, shuningdek, viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi va boshqa muassasalardan tushgan savollarga xitoylik mutaxassislar oʻz tajribalaridan kelib chiqib batafsil javob berdi.

Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidagi olib borilayotgan davolash ishlari bilan mehmonlarni onlayn orqali tanishtirilib atroflicha maʼlumotlar berildi. Shifoxona mutaxasisilari savol-javoblar natijasida xastalikni samarali bartaraf etish yuzasidan chinlik hamkasblaridan amaliy tavsiyalar olishdi.
Video-muloqotda mehmon shifokorlar Xitoyda epidemiya davrida koʻrilgan choralar, koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarish borasidagi tadqiqotlar toʻgʻrisida toʻxtalib, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishda tibbiyot xodimlarini ishonchli himoyalash boʻyicha eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan jihatlar xususida tavsiyalar berdi.
- Biz mamlakatingizning koʻp joylarida boʻldik. COVID-19 infeksiyasiga qarshi keskin choralar koʻrilgan, deydi — doktor Vang Van Chun. – Koʻchalar boʻm-boʻsh. Demak, davlat tomonidan olib borilayotgan ishlarni aholi qoʻllab-quvvatlamoqda. Bu esa hukumat bilan xalq oʻrtasidagi aloqa juda yaxshi oʻrnatilganidan darak. Hozirgi sharoitda birinchi qiladigan ishimiz profilaktikani yaxshi yoʻlga qoʻyish. Vaksina topilmagan boʻlsa ham kasallik tarqalishini shu yoʻl bilan jilovlash mumkin. Yaqin orada osoyishta hayotga qaytiladi. Shuni ham taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston va Xitoy azaldan hamkor. Shuning uchun ham mamlakatingizga begʻaraz yordamga keldik. Tavsiya va maslahatlarimiz orqali koronovirus infeksiyasi xavfini kamaytirishga koʻmak beramiz.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV