Amaliy ishlar davri: Yevropalik olimlar SamDUda...
Samarqand davlat universitetida Litvaning Vitautas Magnus universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida qishloq xo‘jaligi sohasi uchun kadrlar tayyorlash, hamkorlikda ilmiy loyihalar yo‘lga qo‘yish, Xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti talabalarini qo‘shma ta’lim dasturi asosida ikki yil muddatga Litvada o‘qitish masalalari muhokama etildi.
- 1922 yilda tashkil etilgan oliygohimiz Garvard modeli asosida faoliyat yuritadi, - deydi delegatsiya rahbari professor Astrida Maseikiyene. – 81 davlatdagi 800 dan ziyod o‘quv muassasalari bilan hamkorlik qilamiz. Xalqaro Yevropa reytingi (QSEESA)da 61-o‘rindamiz. Ayni payt Vitautas Magnus universitetida olti nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda.
- Litva delegatsiyasi “Erasmus mobility” dasturi loyihalarida SamDU ham hamkor sifatida ishtirok etishi bo‘yicha taklif bildirdi, - deydi xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor, professor Akmal Axatov. – Qolaversa, talabalarimiz qishloq xo‘jaligi sohasidagi ko‘rgazmada, oziq-ovqat xavfsizligi, agro-eko kabi yo‘nalishlar bo‘yicha konferensiyalarda qatnashishi taklifi ilgari surildi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Samarqand davlat universiteti zoologiya muzeyini ham tomosha qilishdi.
Behruz Shamsiddinov,
SamDU axborot xizmati xodimi