Aloqachilarning mehnati e’tirof etildi
7 may – Aloqachilar kuni munosabati bilan “O‘zbektelekom” aksiyadorlik jamiyatining Sirdaryo viloyati Boyovut tumani bo‘limida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda sohada fidokorona xizmat ko‘rsatayotgan bir guruh xodimlar munosib taqdirlandi.
Tadbirda tuman hokimligi vakili, jamoatchilik va telekommunikatsiya sohasi xodimlari ishtirok etdi. Qutlov so‘zlarida aloqachilarning zamonaviy axborot kommunikatsiya tizimini rivojlantirishdagi o‘rni, aholi va tashkilotlarga sifatli va uzluksiz xizmat ko‘rsatishdagi faoliyati alohida qayd etildi.

– Bugungi kunda telekommunikatsiya infratuzilmasi hayotimizning barcha jabhalarida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuning uchun ham bu sohada faoliyat yuritayotgan har bir xodimning mehnati, mas’uliyati yuqori qadrlanadi, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari O‘tkir Sariboyev.

Tadbirda uzoq yillik mehnati, kasbga sadoqati va faol xodimlarga “O‘zbektelekom” AJning tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Aloqachilar kuni nafaqat kasb bayrami, balki sohaga bo‘lgan e’tibor va hurmat ifodasi hamdir. Bunday tadbirlar esa xodimlarning mehnatini e’tirof etish, ularni yangi yutuqlarga ruhlantirishda muhim o‘rin tutadi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri