Alohida e’tibor talab etuvchi bolalarning ijtimoiy moslashuvini ta’minlash - dolzarb
Toshkent shahridagi “Renessans” kino uyida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan “Aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni sport, ta’lim va jamiyatga integratsiya qilish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbir jamiyatda inklyuziv muhitni rivojlantirish, alohida e’tibor talab etuvchi bolalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Tadbir doirasida sohaning yetakchi mutaxassislari, pedagoglar va ijtimoiy xodimlar tomonidan dolzarb mavzularda taqdimotlar o‘tkazilib, amaliy tajriba va ilg‘or yondashuvlar muhokama qilindi.
Davra suhbatida ijtimoiy soha vakillari, maxsus maktab-internat o‘qituvchilari, mutaxassislar hamda autizm spektridagi bolalarning ota-onalari faol ishtirok etib, o‘zaro fikr almashdi.
[gallery-28517]
Suhbat davomida bolalarni ta’lim jarayoniga jalb qilish, ularning ijtimoiy moslashuvini ta’minlash, sport orqali reabilitatsiya imkoniyatlarini kengaytirish hamda ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, autizmga ega bolalarning jamiyatga integratsiyasida erta diagnostika, individual ta’lim dasturlari va ota-onalar bilan tizimli ishlash muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, jamiyatda bag‘rikenglik va tushunish muhitini shakllantirish ham bolalarning rivojlanishida muhim omil hisoblanadi.
Tadbir yakunida autizmga ega farzandni tarbiyalayotgan onaning matonati va jasoratini aks ettiruvchi “Parda” nomli hujjatli filmning premerasi namoyish etildi. Film ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, ijtimoiy birdamlik, mehr-oqibat va insonparvarlik g‘oyalarini yana bir bor yoritib berdi.
Mazkur tadbir autizm haqida jamoatchilik xabardorligini oshirish, alohida e’tibor talab etuvchi bolalarni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda inklyuziv muhitni mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Shahnoza Mamaturopova,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA