“Alisher Navoiy — Sharq yulduzi”
Nur-Sulton shahrida ulugʻ adibimiz Alisher Navoiy ijodiga bagʻishlangan kecha boʻlib oʻtdi.
Nur-Sulton shahrida ulugʻ adibimiz Alisher Navoiy ijodiga bagʻishlangan kecha boʻlib oʻtdi. Bu haqda “Rambler” “MIR 24” nashriga tayanib xabar bergan.
“Alisher Navoiy — Sharq yulduzi”. Qozogʻiston poytaxtida buyuk turk shoiri va mutafakkiri tugʻilgan kuni oldidan tashkil etilgan adabiy kecha shunday nomlandi. Uchrashuv Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi elchixonasi tashabbusi bilan uyushtirildi.
Hazrat Navoiy tavalludiga 579-yil toʻldi. Necha asrki, Markaziy Osiyo va Sharqning betakror mumtoz adibi sifatida vatandoshimiz hayoti va ijodiga qiziqish bir zum soʻnmagan. Alisher Navoiy oʻzidan 30 ga yaqin yirik asar — sheʼriy toʻplamlar, dostonlar, falsafiy va ilmiy asarlar qoldirgan.
— Navoiy haqli ravishda turk adabiy tilining asoschisi sifatida eʼtirof etiladi, — deydi Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi elchixonasi maslahatchisi Timur Rahimov. — Maʼlumki, oʻsha davrda adabiy asarlarni faqat fors tilida yozish urf boʻlgan. Navoiy esa buyuk jasorat koʻrsatib, oʻzbek tilida, yaʼni oʻsha zamon taʼbiri bilan aytganda turkiyda ijod qila boshlagan.
Navoiy ijodining choʻqqisi — beshta ulkan lirik dostonni birlashtirgan mashhur “Xamsa” dir. Ushbu asar MDH tarkibidagi aksariyat mamlakatlarning oʻrta maktab dasturlariga kiritilgan.