Alisher Navoiy jurnali jahon kezmoqda
Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy umumbashariy madaniyat xazinasidan munosib o‘rin olgan o‘lmas asarlarini aynan ona tilimizda yaratib, uning shuhratini butun dunyoga tarannum etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi Qarorida haqli ravishda qayd qilinganidek, «Buyuk shoir va mutafakkir, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi».
Zero Sharq mumtoz tamaddunining oltin beshigi bo‘lib xizmat qilgan Alisher Navoiy asarlari jahon adabiyotining eng yirik polotnolaridan biri sifatida har tomonlama tahlil va tadqiqqa munosibdir.
Zero, Alisher Navoiy qoldirgan meros bugungi kunda ham ma’naviyatimizni yuksaltirish, yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga hamda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ta’lim va fan sohasini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq vazifalar ijrosining ta’minlanishiga ham xizmat qiladi.
Binobarin, Prezidentimizning qarorida tarixiy-madaniy merosimiz namunalarini har tomonlama chuqur o‘rganish, buyuk alloma va mutafakkirlarimizning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini targ‘ib etish, shu asosda yurtdoshlarimiz, avvalo, yosh avlodimizni xalqimizning buyuk ma’naviy merosiga hurmat, ona yurtimizga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlarning natijadorligini tubdan oshirish bo‘yicha dolzarb vazifalar turganini alohida ta’kidlagani bejiz emas.
Filologiya ilmi va navoiyshunoslik, xususan, adabiy ta’sir, qiyosiy adabiyotshunoslik, matnshunoslik va tarjima masalalari bilan shug‘ullanayotgan tadqiqotchilarimizga, Alisher Navoiy hayoti va ijodiy merosini tadqiq etish, Alisher Navoiy ijodi va adabiy ta’sir masalasida ilmiy tadqiqotlar yaratish vazifasini yuklaydi
Olimlarimizning ilmiy salohiyati, innovatsion g‘oyalarini jahonda targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro nufuzga ega «ALISHER NAVOIY» jurnali ta’sis etilgandi. Ushbu jurnalda navoiyshunoslik, Navoiy adabiy merosining umumjahon tamaddunida tutgan o‘rni va adabiy ta’sir masalalari yoritib borilmoqda.
Jurnal Samarqand davlat universiteti professori I.Mirzayev tashabbusi va bosh muharrirligida Tadqiqot.uz hamkorligida tashkil qilingan. Buyuk shoir tavalludining 580 yilligi munosabati bilan jurnalning 2-soni e’lon qilindi.
Unda xorij navoiyshunos olimlaridan Benedek Péri, Islam Jemeney, Badriddin Maqsudov, respublikamiz navoiyshunos olimlaridan esa Zulxumor Xolmonova, Muhammadjon Imomnazarov, Ibodullo Mirzayev, Qozoqboy Yo‘ldoshev va boshqalarning buyuk shoir ijodiga tegishli dolzarb masalalarga bag‘ishlangan ilmiy kuzatishlari yoritilgan.
Ushbu xalqaro elektron ilmiy jurnalga maqolalar o‘zbek, rus, ingliz, fransuz, turk, tojik kabi tillarda qabul qilinmoqda va ushbu jurnalning ahamiyati va nufuzi jahon navoiyshunosligida munosib qiymatga egadir. «Alisher Navoiy» xalqaro jurnali Amerika Qo‘shma Shtatlarining Crossref.org tizimiga kiritilgan hamda har bir maqolaga doi raqami beriladi.
B.Muhiddinova, SamDU dotsenti