"Alisher Navoiy" hujjatli filmining premerasi o‘tkazildi
Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan "O‘zbekkino" Milliy agentligida "Alisher Navoiy" hujjatli filmining ilk namoyishi bo‘lib o‘tdi.
"Alisher Navoiy" hujjatli filmi "O‘zbekkino" Milliy agentligi buyurtmasiga binoan “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK hamda «Spectre» studiyasi tomonidan suratga olingan. Film ssenariysi muallifi Furqat Usmonov, postanovkachi rejissyor Shohrux Rasulov, postanovkachi operator Jahongir Ibragimov, postanovkachi rassom Shahzod Muhammadiyev, rejissyor assistenti Muattar Mirredjabova, prodyuser Davronxo‘ja Abdug‘aniyev.

Ushbu tarixiy hujjatli film O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil Adiblar xiyoboniga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari yuzasidan shoir tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlab, mutafakkir shaxsi va asarlariga yangicha yondashuv asosida yaratildi.
"Alisher Navoiy" filmi "Xalq yuragi" nomi ostida suratga olinayotgan turkum filmlardan biri.
Namoyishdan hujjatli film haqida ijobiy fikrlar bildirilib, muhim taklif va tavsiyalar berildi.

Eslatib o‘tamiz: so‘nggi paytlar Agentlik tomonidan filmlarni keng ommaga namoyish etishdan oldin mutaxassislar bilan fikr almashish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zA