Aliment undirish masalasida yangi normalar belgilanadi
Oliy Majlis Senatida ikkinchi yalpi majlis doirasida ko‘rib chiqish nazarda tutilgan masalalar tegishli qo‘mita va komissiyalar tomonidan muhokama etildi.
Oliy Majlis Senatida ikkinchi yalpi majlis doirasida ko‘rib chiqish nazarda tutilgan masalalar tegishli qo‘mita va komissiyalar tomonidan muhokama etildi.
Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida “Bola huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya talablarini har tomonlama hayotga tatbiq etish, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida nazarda tutilgan bolalarning huquqlarini amalda kafolatlash, ularning jismoniy, intellektual, ruhiy va ma’naviy yetuk avlod bo‘lib yetishishini ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan.
Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga, Fuqarolik protsessual kodeksiga, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonun bilan ko‘plab muammolarga sabab bo‘layotgan aliment undirish masalasida ham yangi normalar belgilanyapti. Ya’ni o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola ota-onasi bilan birga yashamayotgan bo‘lsa, o‘zining ta’minoti uchun ota yoki onadan, yoki bir vaqtning o‘zida ota-onaning har ikkalasidan aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqli bo‘ladi. Bu norma ota va onaning birgalikdagi mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi. Oilalardagi ajrimlarni kamaytirishga hissa qo‘shadi.
Yangi qonunga muvofiq qaror qabul qilishga vakolatli organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qat’i nazar, ko‘rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgarishga ko‘ra voyaga yetmagan shaxslar o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi bo‘yicha davlat organlariga, tashkilotlarga yoki ularning mansabdor shaxslariga mustaqil ravishda murojaat berishga haqli.
Davlat organlari, tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan voyaga yetmagan shaxsning murojaatlarini ko‘rib chiqish uning qonuniy vakillari, shuningdek vasiylik va homiylik organlari ishtirokida amalga oshirilishi mumkin. Voyaga yetmagan shaxslar to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘lmaganligi sababli ularning murojaatlarini ko‘rib chiqmasdan qoldirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, majlisda ota-onalar qarovisiz qolgan, “Mehribonlik” uylarida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvidagi dolzarb masalalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham dastlabki tarzda muhokama etildi.