Aliment to‘lamagan ota 15 sutkaga qamaldi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchquduq tuman sudining 2022 yil 2 iyundagi ijro hujjatiga asosan qarzdor Y.X. dan G.X. ning foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun ish haqi va boshqa daromadlarining 1/4 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan edi.
Ushbu ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Uchquduq tumani bo‘lim ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi yuritish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Ijro harakatlari davomida qarzdorga tegishli bo‘lgan mol-mulklar aniqlanmagan. Shuningdek, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida” gi qonunning 421-moddasiga asosan Y.X.ning O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqish huquqiga cheklov o‘rnatilgan. 2023 yilning 1 may holatiga qarzdorning aliment qarzi 9 million 768 ming so‘mni tashkil qilgan.
Olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdor Y.X. aliment pullarini to‘lamaganligi sababli unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 474-moddasi talabiga asosan ma’muriy javobgarlik masalasini hal qilish uchun to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Uchquduq tuman sudiga yuborilgan. Sudning tegishli qaroriga asosan qarzdorga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Majburiy ijro byurosi Uchquduq tumani bo‘limi tomonidan oilalarni yarashtirish, aliment pullarini undirish yuzasidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, olib borilgan ijro harakatlari davomida joriy yilning 5 oyi davomida 18 oila bo‘lim davlat ijrochilari tashabbusi bilan yarashtirilgan. Bundan tashqari, qarzdorlar tomonidan undiruvchilar foydasiga aliment qarzdorligi o‘z vaqtida to‘lanmaganligi sababli 7 nafar qarzdor O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Uchquduq tuman sudiga yuborildi. Ushbu huquqbuzarlardan 6 nafariga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan va bir nafar qarzdor aliment pullarini to‘liq to‘lab berganligi sababli MJtKning 271-moddasiga asosan ma’muriy ish tugatilgan.
A.Bo‘riyev,
O‘zA