Aliment — ota zimmasidagi moddiy majburiyat
Aliment otaning o‘z bolasi imkoni boricha zoriqmay, hech kimdan kam bo‘lmay, sog‘lom va barkamol ulg‘ayishini ta’minlashga qaratilgan moddiy majburiyatidir. Biroq, ming afsuski, ayrim otalar o‘z pushti kamaridan bo‘lgan farzandi uchun zimmasidagi ana shu majburiyatni bajarmay qochib yurgan holatlar ham uchramoqda.
Fuqaro F.Mansurov bir nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment pulini 2018 yilning avgust oyidan buyon to‘lamay yurgan. Natijada uning qarzdorligi shu yilning 1 apreliga qadar 21 million 588 ming 126 so‘mni tashkil qilgan. MIB Yunusobod tuman bo‘limi davlat ijrochisi Sh.Niyozov tomonidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida to‘lanmagan ana shu aliment puli undirib berildi.
O.Abdurahmonov esa ikki nafar farzandi uchun aliment pullarini shu yilning 1 apreliga qadar to‘lamasdan yurgan. Buning natijasida qarzdorlik 34 million 715 ming 958 so‘mga yetgan.
Davlat ijrochisi S.Eshdavlatov tomonidan qarzdorga nisbatan olib borilgan majburiy ijro harakatlari natijasida aliment puli to‘liq undirib berildi. Bunday holatlarni ko‘rib, shunday bag‘ritosh otalar ham borligidan beixtiyor yoqa ushlaysiz.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA