Aleksandr Ogorodnikov: Belarus-O‘zbekiston munosabatlarining kelajagi strategik sheriklik va qo‘shma loyihalarga tayanadi
Bugungi kunda Belarus va O‘zbekiston hamkorligining barcha yo‘nalishlari yangicha amaliy mazmun bilan boyib bormoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro savdo va sanoat kooperatsiyasi kengayib, qo‘shma investitsiya loyihalari va gumanitar tashabbuslar izchil hayotga tatbiq etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifi arafasida O‘zA muxbiri ushbu mamlakatning yurtimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Aleksandr Ogorodnikov bilan o‘zaro munosabatlarning hozirgi holati, ikki tomonlama hamkorlikning so‘nggi yutuqlari hamda sheriklikni yanada rivojlantirish istiqbollari xususida suhbatlashdi.
– Hurmatli janob elchi, Belarus-O‘zbekiston munosabatlarining bugungi holatini qanday baholaysiz? So‘nggi yillarda ikki tomonlama hamkorlik doirasida erishilgan qaysi yutuqlarni eng salmoqli deb hisoblaysiz va sheriklikni yanada rivojlantirish uchun qanday istiqbollarni ko‘ryapsiz?
– Avvalo, mazmunli savol uchun rahmat. Bugungi kunda Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik deyarli barcha yo‘nalishlarda, shu jumladan iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va gumanitar sohalarda izchil rivojlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko tomonidan belgilangan asosiy vazifalardan biri o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini bir milliard dollarga yetkazishdir. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, biz bu marraga ancha yaqinlashdik. Joriy yilning dastlabki besh oyi natijalari va keyingi oylar uchun prognozlardan kelib chiqib esa bu yil ko‘zlangan maqsadga erishamiz, deb ishonch bilan ayta olamiz. Bu davlatlarimiz uchun iqtisodiy sheriklikning yuqori darajasini aks ettiruvchi muhim ko‘rsatkichdir. Belarus Respublikasi Prezidentining 2024-yilda O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida imzolangan 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi”ning hayotga tatbiq etilishi hamkorlik rivojida muhim bosqich bo‘ldi. Bu hujjat ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi. Navbatdagi oliy darajadagi tashrif arafasida yaqin istiqbolda hamkorlikni yanada rivojlantirishga asos bo‘lib xizmat qiladigan 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan yangi “yo‘l xaritasi” ham birgalikda ishlab chiqildi. O‘zaro savdo hajmi rekord darajaga ko‘tarilganini ta’kidlash lozim. Mamlakatlarimiz iqtisodiyotlari o‘zaro raqobatlashmay, bir-birini uyg‘un tarzda to‘ldirib borayotgani ham ikki tomonlama munosabatlarning muhim jihatlaridan hisoblanadi. Belarus mahsulotlari O‘zbekiston bozorida, O‘zbekiston tovarlari esa Belarus bozorida keng taqdim etilib, o‘zaro raqobatni vujudga keltirmasdan, aksincha, sheriklik imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Sanoat kooperatsiyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlat rahbarlari tomonidan texnologik suverenitetni mustahkamlash vazifasi qo‘yilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda Belarus hamda O‘zbekiston ko‘plab umumiy nuqtalarni topdi. Ayni paytda qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish sohasida qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda Belarus traktorlarini yig‘ish yo‘lga qo‘yilgan, joriy yildan esa ularni mahalliylashtirish boshlanadi. Tirkama uskunalar, kabel-sim mahsulotlari, parrandachilik uskunalarini ishlab chiqarish, shuningdek, yengil sanoat sohalarida loyihalar rivojlanmoqda. Umuman olganda, hamkorligimiz ikki mamlakat milliy iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan deyarli barcha sohalarni qamrab olgan. Yangi “yo‘l xaritasi”da hamkorlikning qator istiqbolli yo‘nalishlari ham belgilangan. Ulardan biri – yog‘ochni qayta ishlash sanoati. O‘zbekistonda qurilish sohasi jadal rivojlanib, aholi soni yildan-yilga o‘sib bormoqda. Bu esa mebel mahsulotlariga talab ortishiga olib kelyapti. Belarus zamonaviy texnologiyalar va ishlab chiqarish tajribasiga ega, shu bois bu sohada qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish uchun yaxshi istiqbollarni ko‘rmoqda.
Qishloq xo‘jaligi ham muhim yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Hamkorlik an’anaviy savdodan bosqichma-bosqich qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga o‘tyapti. Belarus go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish texnologiyalari, qoramolchilik tajribasi va zamonaviy agrosanoat yechimlari bilan bo‘lishishga tayyor. Bunday loyihalarning ayrimlari hozirda hayotga tatbiq etilmoqda.
Energetika sohasida ham katta imkoniyatlar bor. Belarus o‘zining atom elektr stansiyasini muvaffaqiyatli ishga tushirib, bu sohada noyob tajriba to‘pladi. Shu bois, O‘zbekiston rahbariyatining atom stansiyasini qurish to‘g‘risidagi tashabbusini o‘z vaqtida qabul qilingan va strategik ahamiyatga ega qaror, deb hisoblayman. Belaruslik mutaxassislar, korxona va kompaniyalar shunday loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z salohiyati va amaliy tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyor.
Axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlik ham alohida e’tiborga molik. Bugungi kunda IT chegara bilmaydi, biroq milliy biznes uchun zarur bo‘lgan raqamli yechimlarni yaratish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. Zamonaviy texnologiyalar xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish, korxonalarni boshqarish samaradorligini oshirish va biznes jarayonlari shaffofligini ta’minlash imkonini beradi. Shuning uchun ham raqamlashtirish Belarus–O‘zbekiston hamkorligining yaqin yillardagi eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biriga aylanadi. Umuman olganda, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yuqori darajaga ko‘tarilib, izchil rivojlanmoqda. Ikki tomonlama aloqalar o‘zaro ishonch, strategik sheriklik hamda ikki mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishi va xalqlarimiz farovonligiga xizmat qiladigan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga intilish bilan ajralib turadi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga bu galgi tashrifidan qanday amaliy natijalar va kelishuvlarni kutyapsiz?
– Oliy darajadagi har qanday tashrif, u xoh prezidentlar, xoh bosh vazirlar yoki hukumat a’zolari uchrashuvi bo‘lsin, ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga katta turtki beradi. Aynan shunday muzokaralar yangi o‘sish nuqtalarini topish, qo‘shma loyihalarni ishga tushirish va biznes uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochishga zamin yaratadi. Pirovardida, bu o‘zaro savdo hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mamlakatlarning iqtisodiyotini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bunda davlat rahbarlarining uchrashuvlari alohida ahamiyatga ega. Zero, aynan prezidentlar darajasida strategik qarorlar qabul qilinib, istiqboldagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilanadi va Belarus–O‘zbekiston sherikligining uzoq muddatli ufqlari shakllanadi. Bo‘lajak muzokaralar ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga oid keng ko‘lamli masalalarni qamrab oladi. Iqtisodiy kun tartibidan tashqari, yetakchilar gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan sog‘liqni saqlash, ilm-fan, ta’lim, madaniyat, sport va san’at sohalaridagi o‘zaro aloqalarga alohida e’tibor qaratadilar. Bu yo‘nalishlar Belarus va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi va uzoq muddatli o‘zaro ishonch uchun mustahkam poydevor yaratishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Tashrifning asosiy natijalaridan biri sifatida Belarus Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi kutilmoqda. Aslida, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar allaqachon strategik sheriklik darajasiga mos keladi. Yangi hujjat esa bu maqomni huquqiy jihatdan mustahkamlab, uzoq muddatli istiqboldagi hamkorlik asoslarini belgilab beradi.
– Sizningcha, o‘zgaruvchan geosiyosiy sharoitda Belarus va O‘zbekiston MDH, SHHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro hamkorlikni qanday mustahkamlashi mumkin?
– Belarus va O‘zbekiston MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun ko‘plab imkoniyatlarga ega. Bu mexanizmlar ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishning muhim vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Bunday tashkilotlardagi ishtirok iqtisodiy rivojlanish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va savdo-investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. MDH va SHHT tarkibiga ulkan iqtisodiy salohiyatga ega davlatlar kiradi va ular bilan hamkorlik investitsiyalarni jalb qilish, texnologiyalar alashinuvi hamda keng ko‘lamli infratuzilma tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratadi. Tez o‘zgaruvchan geosiyosiy vaziyatda transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Belarus ham, O‘zbekiston ham dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar hisoblanadi. Shuning uchun xalqaro transport yo‘laklaridan samarali foydalanish barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning asosiy omillaridan biriga aylanmoqda. MDH va SHHT mamlakatlari transport infratuzilmasi va tranzit tashuvlari sohasida keng imkoniyatlarga ega. Sheriklikni rivojlantirish orqali mamlakatlarimiz o‘z tranzit salohiyatidan yanada samarali foydalanib, tovarlarni tashqi bozorlarga yetkazib berishning tezroq, ishonchliroq va iqtisodiy jihatdan afzalroq yo‘nalishlarini ochishi mumkin. Bu milliy mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish bilan birga, ikki mamlakatning xalqaro ta’minot zanjirlaridagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi. Texnologiyalar, innovatsiyalar va transport sohasidagi hamkorlik ham muhim yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Katta ilmiy-texnik va sanoat salohiyatiga ega bo‘lgan davlatlar bilan hamkorlik iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, zamonaviy yechimlarni joriy etish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Shunday qilib, Belarus va O‘zbekistonning MDH, SHHT va boshqa xalqaro tuzilmalardagi ishtiroki nafaqat tashqi siyosiy, balki muhim amaliy ahamiyatga ham ega. Bunday maydonlar ikki tomonlama sheriklikni mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va hozirgi geosiyosiy sharoitda har ikki mamlakatning barqaror rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
– Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlik qanday rivojlanmoqda? Qo‘shma korxonalar soni va Belarus sarmoyalari hajmi ortib boryaptimi?
– 2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikda sezilarli ijobiy o‘sish kuzatildi. O‘zbekiston bozorida faoliyat yuritayotgan Belarus kompaniyalari sonining ikki barobarga ortgani eng katta natijalardan biri bo‘ldi. Agar yil boshida O‘zbekistonda Belarus kapitali ishtirokidagi 116 ta qo‘shma va xorijiy korxona ro‘yxatga olingan bo‘lsa, yil yakuniga kelib ularning soni 242 taga yetdi. To‘g‘ri, investitsiyalar hajmi hali milliardlab dollarda o‘lchanmayotgan bo‘lishi mumkin, lekin, birinchi navbatda, mablag‘larning hajmi emas, qayerga yo‘naltirilayotgani va odamlarning hayotiga qanday ta’sir qilayotgani muhim. Har bir yangi kompaniyaning kirib kelishi nafaqat kapital oqimini, balki zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va ishlab chiqarish salohiyati rivojlanishini anglatadi. Belarus biznesi O‘zbekistonga uzoq muddatli rejalar bilan kirib, mahalliy bozorga o‘zining bilim va ko‘nikmalari, tajribasi hamda texnologik yechimlarini olib kelmoqda. E’tiborlisi, hamkorlik iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarini qamrab olgan. Belarus kompaniyalari nafaqat mashinasozlik yoki qishloq xo‘jaligi, balki sanoat va ishlab chiqarishdan tortib xizmat ko‘rsatish va yuqori texnologiyali loyihalargacha bo‘lgan turli yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Bunday diversifikatsiya O‘zbekiston iqtisodiyoti har tomonlama rivojlanayotgani va uning xorijiy sarmoyadorlar uchun jozibadorligidan, shuningdek, Belarus biznesining O‘zbekiston bozoriga nisbatan ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi.
– Madaniy-gumanitar hamkorlik xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi. 2026-yilda Belarus va O‘zbekistonda qanday qo‘shma tadbirlar, festival, ta’lim dasturlari va yoshlar almashinuvi rejalashtirilgan?
– Belarus va O‘zbekiston madaniy-gumanitar hamkorlikni ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashning eng muhim poydevori deb biladi. Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Belarus o‘zbekistonlik hamkasblari bilan onalik va bolalikni muhofaza qilish va boshqa yo‘nalishlarda samarali hamkorlik tajribasiga ega. Tibbiyot forumlari, qo‘shma jarrohlik amaliyotlari, ta’lim dasturlari va ikki mamlakat mutaxassislari o‘rtasida ilg‘or tajriba almashish yanada rivojlantiriladi. Bundan tashqari, turizm istiqbolli yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Xorijlik sayyohlarda O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosiga qiziqish ortayotgani barobarida belaruslik sayyohlar soni ham ko‘paymoqda. Belarus esa, o‘z navbatida, o‘zbekistonliklarni o‘zining turistik imkoniyatlari bilan tanishtirishga intilmoqda. O‘zbekistonda o‘tkaziladigan “Belarus-O‘zbekiston” ikkinchi turizm forumi ayni shu maqsadga xizmat qilib, turoperatorlar o‘rtasidagi sheriklikni rivojlantirish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochish uchun samarali muloqot maydoniga aylanadi.
Sport, madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlik faol rivojlanmoqda. Belarus O‘zbekiston sportining xalqaro maydondagi yutuqlarini olqishlaydi. Madaniy aloqalar esa Madaniyat kunlari, kinofestivallar, ijodiy jamoalarning gastrol safarlari va yetakchi teatrlar hamkorligi orqali mustahkamlanmoqda. Kasb-hunar ta’limiga keladigan bo‘lsak, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va zamonaviy kasb egalariga talab ortib borayotgan sharoitda Belarusning malakali texnik mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha tajribasiga ehtiyoj katta.
Ikki tomonlama kun tartibida tadbirkorlikni rivojlantirish masalasi ham alohida o‘rin egallaydi. Bu yil Xivada to‘rtinchi Belarus-O‘zbekiston ayollar biznes-forumi bo‘lib o‘tadi. U ikki mamlakat tadbirkor ayollarini tajriba almashish va yangi loyihalarni shakllantirish uchun bir maydonga jamlaydi. Shu bilan birga, hududlararo hamkorlik ham kengaymoqda. Bugungi kunda asosiy e’tibor faqat poytaxtlar darajasidagi hamkorlikdan hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatishga qaratilmoqda. Zero, aynan hududlarda mahalliy biznes Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy sheriklikni kengaytirishning yangi drayveriga aylanishi mumkin.
– Siz 2025-yilning fevralidan buyon Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi sifatida faoliyat yuritib kelyapsiz. Shu vaqt ichida yurtimizning qaysi o‘ziga xos jihati Sizda katta taassurot qoldirdi – odamlarmi, madaniyatmi, an’analarmi yoki yuz berayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarmi?
– O‘zbekiston haqidagi taassurotlarim, eng avvalo, uning odamlari bilan bog‘liq. Bu yerda ochiqlik, samimiylik va mehribonlik har qadamda, har narsada sezilib turadi. Odamlar doim yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor. Yo‘lni so‘rasangiz, manzilga kuzatib ham qo‘yishadi, bozorda kerakli mahsulotni topishda yordamlashishadi, xullas, mehmon o‘zini uydagidek his qilishi uchun qo‘lidan kelganini qilishadi. Bunaqa munosabat insonda chindan ham kuchli taassurot qoldiradi. O‘zbekistonliklarning Vataniga bo‘lgan muhabbatini ko‘rib esa havasing keladi. Yurtingizning har bir fuqarosi shu zaminda tug‘ilganidan faxrlanadi, o‘z Vatani haqida cheksiz hurmat va mehr bilan so‘zlaydi. O‘zbekistonda milliy g‘urur tuyg‘usi yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. O‘zbekistonga nega quyosh o‘lkasi degan ta’rif berilishini ham bu yerga kelib angladim. Qishda haftalab, ba’zan esa oylab quyosh ko‘rmaydigan belaruslar uchun bunday nurafshon kunlar haqiqiy mo‘’jizadir. Bu yerda quyosh nafaqat tabiat, balki odamlarning kayfiyatiga ham ta’sir qiladigandek go‘yo. Erta tongdan quyosh nurlarini sochib tursa, kun ham o‘zgacha boshlanadi. O‘zbekistonning tabiati ham menda katta taassurot qoldirdi. Belarus – o‘rmonlar va ko‘llar diyori, shuning uchun bu yerdagi tog‘lar kishini hayratlantiradi. O‘zbekistonning purviqor tog‘lari va bepoyon adirlari tabiatga yangicha nazar tashlash imkonini beradi.
Albatta, o‘zbek taomlari haqida ham fikrimni aytamasam bo‘lmaydi. Zero, har qanday mamlakat bilan tanishuv nafaqat uning diqqatga sazovor joylari, balki bir dasturxon atrofidagi suhbatdan boshlanadi. O‘zbekistonga avval ham tashrif buyurganman, lekin aynan uzoqroq muddat yashaganimda osh, somsa va boshqa milliy taomlar nima uchun hududlarda bir-biridan farq qilishini, gastronomik an’analar madaniyat, milliy libos, musiqa va raqs san’ati bilan qanchalik chambarchas bog‘liqligini teran angladim. Shu bois, mehmonlarni kutib olganda, avval mamlakatning me’moriy merosini ko‘rsatib, so‘ng ularni milliy taomlar va an’anaviy mehmondo‘stlik bilan tanishtirish uchun haqiqiy o‘zbek choyxonasiga taklif qilgingiz keladi.
Aziza Alimova suhbatlashdi, O‘ktam Haitov (surat), O‘zA