Albaniya yetakchisining mamlakatimizga tashrifi yakunlandi
Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begayning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi nihoyasiga yetdi.
Kuni kecha Toshkent shahrida O‘zbekiston va Albaniya Prezidentlari rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdilar. Ikki davlat o‘rtasida amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Albaniya yetakchisi tashrif doirasida Samarqandda ham bo‘lib, Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi, Amir Temur maqbarasi, Registon majmuasi, Mirzo Ulug‘bek muzey-rasadxonasi, Samarqand xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasiga tashrif buyurdi.
[gallery-29994]
Bugun Bayram Begay poytaxtimizda o‘tkazilayotgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etib, yalpi majlisda nutq so‘zladi.
Tadbirlar yakunlangach, oliy martabali mehmonni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.
Behruz XUDOYBERDIEV,
Farhod ABDURASULOV (foto), O‘zA