“Ala-Too Trade & Industry Expo 2026” xalqaro ko‘rgazmasida “Made in Uzbekistan” milliy stendi ochildi
SHHTga a’zo davlatlar vazirlari yig‘ilishi doirasida Bishkekda O‘zbekistonning sanoat imkoniyatlari taqdim etildi. “Made in Uzbekistan” stendi xalqaro bozor uchun yangi eshik ochmoqda.
Bishkek shahrida SHHTga a’zo davlatlar sanoat vazirlarining IV yig‘ilishi doirasida birinchi “Ala-Too Trade & Industry Expo 2026” xalqaro ko‘rgazmasida “Made in Uzbekistan” milliy stendining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi, Prezident Administratsiyasi Rahbari Adilbek Kasimaliyev, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Qirg‘iz Respublikasi Iqtisodiyot va tijorat vaziri Bakit Sidikov, shuningdek davlat organi hamda ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.

Marosimda vazir Laziz Qudratov mehmonlarni mamlakatimiz sanoat, investitsiyaviy va innovatsion salohiyati hamda mahalliy korxonalarning bugungi kunda erishayotgan yutuqlari bilan yaqindan tanishtirdi.
Mazkur ko‘rgazma ekspozitsiyada respublikamiz texnologik rivojlanishining beshta asosiy yo‘nalishi: elektrotexnika tarmog‘i, qurilish materiallari ishlab chiqarish, avtomobilsozlik va kimyo sanoati, qolaversa, “IT Park Uzbekistan”ning keng imkoniyatlari namoyish etildi. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan mahsulotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi milliy brendlarni xalqaro maydonda faol ilgari surish va sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish borasidagi tizimli ishlarni izchil davom ettirmoqda. Bu kabi tadbirlarda ishtirok etish ham ayni maqsadga xizmat qiladi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA