Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati IB dasturi asosida iqtidorli o‘quvchilarni qabul qilmoqda
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati bugungi kunda O‘zbekistonda International Baccalaureate (IB) dasturi joriy etilgan nufuzli xalqaro ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Ushbu maktab zamonaviy bilim, xalqaro standartlar va raqobatbardosh muhitni uyg‘unlashtirgan holda yoshlarning salohiyatini to‘liq ochib berishga xizmat qiladi.
Qayd etilishicha, mazkur xalqaro maktab-internatiga har yili jami 60 nafar o‘quvchi qabul qilinadi. Shundan 40 nafar o‘quvchi aniq fanlar yo‘nalishiga, 20 nafar o‘quvchi esa tabiiy fanlar yo‘nalishiga ajratilgan kvotalar asosida saralanadi. Bu esa har bir yo‘nalish bo‘yicha iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning qiziqishlariga mos ta’lim berishga imkoniyat yaratadi.
Ta’lim jarayonlari asosan ingliz tilida olib boriladi. Bu o‘quvchilarga xalqaro miqyosda tan olinadigan bilim va ko‘nikmalarni egallash imkonini beradi. Shu bilan birga, o‘zbek tili va O‘zbekiston tarixi fanlari davlat tilida o‘qitiladi.
Maktabda tahsil olish uchun umumta’lim maktablarining 8-sinf bitiruvchilari onlayn tarzda ariza topshirishi mumkin. Qabul imtihonlari ikki bosqichda tashkil etiladi va bilim hamda mantiqiy fikrlash darajasi asosiy mezon sifatida baholanadi.
Muhim jihatlardan biri — qabul jarayonida o‘quvchining avvalgi yillardagi maktab baholari inobatga olinmaydi. Ya’ni, barcha nomzodlar teng sharoitda, faqat imtihon natijalari asosida saralanadi.
Xulosa qilib aytganda, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati bilimga chanqoq, maqsadli va kelajagini xalqaro miqyosda ko‘rgan yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA