Aksiya jarayonlari davom etmoqda
“Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostida tashkil etilgan xayrli donorlik aksiyasining ikkinchi kuni ham yuksak insonparvarlik va faollik ruhida o‘tdi. Sirdaryo viloyati qon quyish stansiyasi ma’muriyati, Sayxunobod tumani tibbiyot birlashmasi, Sirdaryo IES hamda “Adolat” SDP Sirdaryo viloyati Kengashi hamkorligida tashkil etilgan ushbu ezgu tadbir ehtiyojmand bemor bolalar hayotini saqlab qolishga qaratilgan muhim ijtimoiy tashabbus sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
Aksiya doirasida jami 74 nafar ko‘ngilli donor faol ishtirok etib, ular tomonidan 43 litr 068 millilitr qon topshirildi. Ushbu ko‘rsatkich og‘ir holatdagi bemor bolalar uchun zarur qon zaxiralarini to‘ldirishga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.


Xususan, Sayxunobod tumani tibbiyot birlashmasidan 20 nafar donor 17 litr 232 ml qon topshirib, eng yuqori faollik ko‘rsatgan bo‘lsa, Viloyat qon quyish stansiyasining 26 nafar xodimi va ko‘ngillilari 12 litr 825 ml qon bilan ezgu ishga munosib hissa qo‘shishdi. Shuningdek, Sirdaryo IESning 28 nafar fidoyi ishchisi 13 litr 011 ml qon topshirib, insonparvarlik va mas’uliyat namunasini namoyon etdi.


– Donorlik — bu shunchaki tibbiy amaliyot emas, balki insoniylik, rahm-shafqat va yuksak mas’uliyat ifodasidir. Har bir beg‘araz topshirilgan qon komponenti og‘ir ahvoldagi bemorlar, ayniqsa bolajonlar hayotini saqlab qolishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bugungi kunda har bir donor ortida inson hayoti, oila umidi va shifo topish istagi mujassam. Shu bois donorlik madaniyatini keng targ‘ib etish va jamiyatda bu boradagi ijtimoiy faollikni yanada oshirish muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi viloyat qon quyish stansiyasi bosh shifokori Haydar Salomov.
Hozirda aksiya jarayonlari davom etmoqda. Tashkilotchilar ta’kidlashicha, bu kabi xayrli tashabbuslar bemor bolajonlarning hayotini saqlab qolish, ularga umid va hayot bag‘ishlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri