Akademiklar va yoshlar uchrashuvi
Davlatobod tumanidagi “Kongress xoll” anjumanlar zalida Namanganda ko‘tarinki kayfiyatda davom etayotgan 65-xalqaro gullar festivali doirasida yana bir nufuzli anjuman – “Akademik va yoshlar: ilm-fan taraqqiyotini yoshlar yaratadi” mavzusidagi akademiklar va yoshlar kongressi bo‘lib o‘tdi.
Ilmiy va innovatsion faoliyat uchun zamonaviy infratuzilmalar yaratish, ilm-fan, ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlashga qaratilgan ushbu tadbirda mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, akademiklar, professorlar, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan ilm-fan vakillari va talaba yoshlar qatnashdi.
Namangan viloyati hokimligi tashabbusi bilan Namangan davlat texnika universiteti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida uyushtirilgan anjuman akademiklar va istiqbolli yoshlar o‘rtasida ilmiy muloqotni kengaytirish, zamonaviy fan yutuqlari va innovatsion g‘oyalarni targ‘ib qilish, yosh tadqiqotchilar va iqtidorli talabalarning ilmga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish va rag‘batlantirish, qolaversa, “Ilm-fansiz kelajak yo‘q” g‘oyasi asosida rejalar ishlab chiqish, hozirgi kun talablari asosida ilmiy g‘oyalarni hayotga tatbiq etishda muhim ahamiyatga ega.
[gallery-29797]
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, O‘zbekiston Qahramoni, akademik Shavkat Ayupov, Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov, Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi, professor Odiljon Mamatkarimov, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, professor Kongratbay Sharipov Namanganda an’anaviy ravishda yo‘lga qo‘yilgan to‘rtinchi anjuman akademiklarni yoshlar orasida tanitish, ularning faoliyati va ilmiy ishlarini ommalashtirish, yetakchi olimlar, iste’dodli yosh ilmiy xodimlarning faoliyati va ilmiy tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, yosh olimlar faoliyatiga katta turtki berish, yurtimiz ilm-fan taraqqiyotida dolzarb ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
Binobarin, kongress yangi rejalar ishlab chiqish, yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, bugungi kun talablaridan kelib chiqib, barcha sohalardagi ilmiy g‘oyalarni hayotga tatbiq etishda ayni muddao bo‘ldi.
Anjumanning ilk kunida yetakchi akademik olimlar, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilarning “Yangi O‘zbekistonda ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va yoshlar salohiyati: oliy ta’limning zamonaviy rivojlanish strategiyasi”, “Matematika fanining O‘zbekistonda rivojlanishi”, “O‘zbekiston va jahonda viruslar hamda virusologiya fanining yutuqlari”, “O‘zbekiston florasi loyihasi”, “Jahon va O‘zbekiston energetikasining rivojlanish istiqbollari” singari muhim mavzulardagi ma’ruzalari yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Kongress doirasida Namangan Prezident maktabi hamda "Yangi O‘zbekiston — yoshlar ziyo maskani" axborot kutubxonasida taniqli akademiklar tomonidan matematika, fizika, kimyo kabi fanlar yo‘nalishlarida mahorat darslari o‘tildi.
Shuningdek, vodiy viloyatlaridagi yosh olimlar, iqtidorli talaba-yoshlarning akademiklar va forumning yetakchi olimlari bilan ochiq muloqoti, ilmiy ishlanmalar va innovatsion loyihalar ko‘rgazmasi o‘tkazilib, “Ustoz-shogird” an’analari yanada kuchaytiriladi.
Bundan tashqari, Namangan viloyatida joylashgan yirik ishlab chiqaruvchi korxonalar va iqtisodiyotning tegishli tarmoqlaridagi mavjud muammolar yechimiga bag‘ishlangan muhokamalar uyushtirilib, “Ishlab chiqarish+Fanlar akademiyasi+oliy ta’lim” zanjiri doirasida integratsiya mustahkamlandi.
Anjuman yakunida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, ilmiy tekshirish institutlari va nufuzli oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ilmiy-innovatsion yo‘nalishlarda faol hamkorlik ishlarini olib borish, tadqiqotlarni birgalikda o‘rganish, stajirovkalar tashkil etish, fundamental va amaliy grant loyihalari bo‘yicha xalqaro tanlovlarda birgalikda qatnashish, jahonning peshqadam ilmiy institutlari bilan aloqalarni yanada kegaytirishga kelishib olindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA