Akademik eshkak eshuvchilarmiz xalqaro regatada sovrindor bo‘ldi
Italiyaning Pediluko shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Memorial Paolo d'Aloja International Regatta” musobaqasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari munosib ishtirok etib, 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Jumladan, musobaqaning M2 tasnifida o‘tgan bellashuvlarda Shahriyor G‘aybulloyev va Atham Ibrohimov dueti barcha raqiblaridan ustun kelib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. W2 tasnifida esa Aydana Smetullayeva hamda Rayhona Sattarova tandemi finalda muvaffaqiyatli ishtirok etib, kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, M2 yo‘nalishida Xusan Xudoyberdiyev va Mehroj Isroilov, M2x bahslarida esa Laziz Qo‘chqorov va Umarali Abdullayev juftliklari bronza medal sohibiga aylandi.

Shu tariqa, o‘zbekistonlik eshkak eshuvchilar nufuzli xalqaro regatada yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, yuqori natijalarni qayd etdi. Musobaqa doirasidagi bahslar yuqori raqobat va keskin kurashlar ostida davom etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA