Ajrim yoqasidagi oilalar yarashtirildi
Andijon viloyati Marhamat tumanida “Oila tinch – mahalla tinch” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda qator mahallalardagi ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar yarashtirildi.
Tuman hokimi, sektor rahbarlari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i, uning xotin-qizlar, keksalar va faxriylar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, profilaktika inspektorlari, imom va otinoyilar, shuningdek, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar vakillari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda har bir oila davlat himoyasida ekanligi, ajrimlarning oldini olish, oilalarni mustahkamlash borasida muayyan ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.

- Tumanda oilaviy ajrimlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kamaygan, - deydi tuman hokimi Boburjon Yuldashev. – Biroq, tumanimizda oz bo‘lsa-da, ajrimlarning qayd etilayotgani bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirishimiz zarurligini taqazo etadi. Unutmasligimiz kerakki, oila tinch bo‘lsa, mahalla, butun jamiyat, yurtimiz tinch bo‘ladi. Odamlar baxtli va farovon hayot kechiradi.
Taklif etilgan nizoli oilalar vakillari - kelin-kuyov, qaynonalar bilan o‘tkazilgan suhbatlardan oilaviy muammolarning yuzaga kelishiga ko‘proq oilaviy, qarindoshlik munosabatlari, ya’ni er-xotin, qaynona-kelin, qudalar yoki kelin-kuyovning yaqinlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, er-xotinning uzoq vaqt birga yashamayotganligi, shuningdek, turmush o‘rtog‘ining ichkilikka berilganligi, oilani boshqarish, farzand tarbiyasidagi mas’uliyatsizligi sabab bo‘layoganligi ma’lum bo‘ldi.

Tadbirda oilaviy ajrim va nizolarni bartaraf etish borasida amalga oshirilgan ishlar ishlar tahlil etildi.
Kelgusida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, ajrimlarning oldini olishda mutasaddi idoralar, mahalla faollari hamkorligini yanada mustahkamlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Tadbir davomida ajrim yoqasida turgan bir qancha oilalar yarashtirildi, bir nechta nizoli oilalar vakillariga psixologik yordam ko‘rsatildi, zarur tavsiya va maslahatlar berildi.
Yakunda haftaning har jumasi tumanda “Oilaviy nizolarni bartaraf etish va ajrimlarning oldini olish kuni” deb e’lon qilindi. Bu borada reja asosida tizimli ishlarni amalga oshirish belgilab olindi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA