Ajdodlarimiz merosi – yoshlar nigohida
Buyuk mutafakkir, davlat va jamoat arbobi, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida “Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur merosi –yoshlar nigohida” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, buyuk bobokalonlarimizning boy ma’naviy merosini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish hamda yoshlarning adabiyot, san’at, madaniyat va kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Qurolli Kuchlar Akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, talaba va kursantlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Unda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘i, general-mayor Ravshan Haydarov bugungi kunda mamlakatimizda yosh avlodning sog‘lom o‘sishi, sifatli ta’lim olishi va barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ajdodlardan qolgan ma’naviy, milliy adabiy merosning ahamiyati, ushbu merosni nafaqat yurtimizda, balki jahonda keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar, boy tarixiy merosni bilish va undan ibrat olib yashash yosh avlodni hayot qiyinchiliklari va turmush mashaqqatlariga chidamli qilib tarbiyalashini ta’kidlab o‘tdi.

Tadbir davomida ishtirokchi yoshlar tomonidan buyuk bobokalonlarimiz boy ma’naviy merosi – g‘azal va ruboiylardan namunalar ijro etildi. Mavzu doirasida tayyorlangan badiiy chiqishlar, turli sahna ko‘rinishlari, videolavhalar ishtirokchilarga manzur bo‘ldi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA