Ajdodlarimiz jasorati – mangu barhayot
Joriy yilning 9-may sanasida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga 75 yil toʻladi.
9-may – Xotira va qadrlash kuni
Joriy yilning 9-may sanasida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga 75 yil toʻladi. Oʻzbekistonda 9-may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi.
Xotira va qadrlash kuni xalqimiz xotira maydonidagi Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qoʻyish bilan bir qatorda “Xotira kitobidan” dahshatli urushda halok boʻlgan bobosi, otasini izlaydi, xotirlab eslaydi. Shu kuni Oʻzbekistonning barcha qabristonlari ziyoratchilar bilan toʻladi. Qatagʻon qurbonlari eslanadi, umuman, oʻtganlar ruhi yodga olinadi, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltiriladi.
Oʻzbekiston xalqi butun taraqqiyparvar insoniyat qatori Ikkinchi jahon urushida erishilgan gʻalabani taʼminlashga ulkan hissa qoʻshdi.
Yuz minglab navqiron vatandoshlarimiz jang maydonlarida qon toʻkib, jon berdilar. Ularning jasoratidan kam boʻlmagan jon fidolik namunalari sifatida front ortida ham ayollar, keksalar, yosh bolalar chinakam qahramonlik koʻrsatdilar.
Ikkinchi jahon urushi boshlangan davrda Oʻzbekiston aholisi 6,5 million kishi edi. Shulardan 1,5 milliondan ortigʻi urushda qatnashdi. Frontda Oʻzbekiston aholisining 22 foizi jang qildi.
Oʻsha olovli yillarda Oʻzbekistonda yetti yoshdan yetmish yoshgacha butun xalqimiz “Hamma narsa – front uchun, hamma narsa – gʻalaba uchun!” deya ishladi, yashadi, orom va halovatdan voz kechib, tinimsiz ogʻir mehnat qildi. Oʻzbekiston front uchun zarur barcha narsalarni yetkazib beradigan muhim tayanch markazlardan biriga aylandi. Ishlab chiqarish korxonalari harbiy maqsadlarda qayta tashkil etildi.
Yurtdoshlarimiz butun kuch va imkoniyatlarini Oʻzbekistonga koʻchirilgan 100 dan ortiq zavod va fabrikalarning faoliyatini gʻoyat qisqa muddatda qayta yoʻlga qoʻyishga safarbar qildilar. Urush yillarida respublikamizdan jang maydonlariga 2 mingdan ziyod samolyot, koʻplab tank va qurol-yarogʻlar, yuzlab harbiy-sanitar poyezdlari, dala oshxonalari, palatkalar, ulkan miqdorda oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar yetkazib berildi.
Urush oʻchogʻiga aylangan hududlardan Oʻzbekistonga qariyb 1 million kishi, jumladan, 200 mingdan ortiq yosh bolalar evokuatsiya qilindi. Oʻsha qonli yillarda xalqimiz soʻnggi burda nonini ham ular bilan baham koʻrdi. Oʻsha mashaqqatli davrda xalqimizga azaldan xos boʻlgan insonparvarlik, mehribonlik va qalb saxovati kabi fazilatlar ayniqsa yorqin namoyon boʻldi.
Oʻzbekistonlik 120 mingdan ziyod askar va ofitser jang maydonlarida koʻrsatgan jasorati uchun jangovar orden va medallar bilan mukofotlandi. Ularning 301 nafari “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoniga, 74 nafari uchala darajadagi “Slava” (shuhrat) ordeniga sazovor boʻlgan.
Urushda halok boʻlgan har bir oʻzbekistonlik – Vatanimiz farzandi edi. Ularni yoddan chiqarishga hech birimizning haqqimiz yoʻq. Istiqlol yillarida 35 jildlik “Xotira” kitobi chop etildi. Endi esa urush qurbonlarining nomi mamlakat poytaxtidagi Xotira maydoniga oʻrnatilgan “temir daftar”ga zarhal harflar bilan bitib qoʻyildi. 1999-yil 9-mayidan eʼtiboran bu maydon mamlakatimiz fuqarolarining qalbiga yaqin, oʻtganlar ruhi yodga olinadigan, Qurʼon suralari tilovat qilinadigan goʻsha – muqaddas qadamjoga aylandi. Shundan buyon bu yer – ziyoratchilar bilan gavjum.
2019-yil 23-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligini munosib nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unda ezgu ishlarni izchil davom ettirish, 2020-yili dunyo miqyosida keng nishonlanadigan buyuk sana – Gʻalabaning 75 yillik bayramiga puxta tayyorgarlik koʻrish va uni yuksak darajada oʻtkazish, Oʻzbekiston xalqining jang maydonlaridagi, urush ortidagi qahramonligi va fidokorona mehnatini, tarixiy xizmatlarini mamlakatimiz va jahon jamoatchiligiga yetkazish va abadiylashtirish, yosh avlodimizni ota-bobolarimiz jasoratiga munosib boʻlgan, bugungi tinch, osoyishta hayotni asrab-avaylash va yana-da mustahkamlashga qodir, jonajon Vatanimizga sadoqatli insonlar etib tarbiyalash maqsadida koʻplab ezgu ishlar amalga oshirilishi belgilab qoʻyilgan.
Jumladan, Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari, mehnat fronti faxriylarini, shuningdek, mustaqillik yillarida Vatan himoyasi va xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oila aʼzolarini har tomonlama ijtimoiy-huquqiy himoya qilish hamda ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalasi ham umumxalq bayrami mazmunidagi qadrlash mohiyatining amaliy jihatini yaqqol namoyon etadi. 9-mayni Xotira va qadrlash kuni tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotganimiz zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad mujassam.
Xotira – odamlarning vafotidan keyin ham bu dunyoda yashashi uchun imkon beradigan birdan-bir makon. Xalqning xotirasiz yashashi aslo mumkin emas. Shuning uchun ham Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlab Toshkent shahrining Olmazor tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida Gʻalaba bogʻi barpo etilmoqda. Mazkur bogʻ Vatanga sadoqat, oʻz hayotini tinchlik va ozodlik uchun fido qilgan insonlarning oʻlmas jasorati va yorqin xotirasi oldidagi yuksak hurmat-ehtiromning amaliy namunasi boʻlib qoladi.
Gʻ.YUSUPOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Sirdaryo viloyati boʻlimi rahbari.