Ajdodlar xotirasiga ehtirom
9-may — Xotira va qadrlash kuni
9-may — Xotira va qadrlash kuni xalqimiz qalbida inson qadrini ulug‘lash, Vatan ravnaqi va tinchligi yo‘lida jon fido qilgan mard va jasur ajdodlar xotirasiga chuqur hurmat bajo keltirish timsoli sifatida alohida o‘rin egallaydi.
Bu sana nafaqat o‘tganlarni yod etish, balki bugungi tinch va osuda hayotning qadriga yetish, mustaqillik va osoyishtalikning naqadar bebaho ne’mat ekanini anglashga chorlaydigan muqaddas qadriyatdir.

Xotira millatning ma’naviy tayanchi, qadrlash esa insoniylikning eng oliy mezonidir. Ajdodlar jasorati va fidoyiligi bilan sug‘orilgan tarix sahifalarini yod etish, ularning mashaqqatli hayot yo‘llarini e’zozlash bugungi avlod zimmasidagi sharafli va mas’uliyatli vazifadir. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi yillarida front ortida fidokorona mehnat qilgan, og‘ir sinovlarni matonat bilan yengib o‘tgan nuroniylarning hayot yo‘li bugungi yoshlar uchun chinakam saboq maktabidir.
Shu munosabat bilan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi Nukus garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari hamda faxriylar kengashi tomonidan bir qator ma’naviy-ma’rifiy va xotira tadbirlari tashkil etildi. Tadbirlar davomida Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan faxriylar holidan xabar olinib, ularga yuksak ehtirom va mehr ko‘rsatildi.

Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri sifatida serjant Qalila Jumanovning oila a’zolari holidan xabar olinib, ularga samimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik bildirildi. Bu kabi tashriflar inson qadrini ulug‘lash, harbiy oilalarga ehtirom ko‘rsatish va jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli.
Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi front orti qatnashchisi, Nukus shahrida istiqomat qiluvchi Shukura Ishmuratovaning holidan xabar olinib, bayram sovg‘alari topshirildi. Nuroniy onaxonga ko‘rsatilgan ehtirom va hurmat uning qalbida cheksiz mamnuniyat uyg‘otdi. Tadbir davomida faxriyga alohida e’tibor qaratilib, uning holidan doimiy xabar olinayotgani yurtimizda inson qadri ulug‘lanayotganining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi faxriylari Marat Doujanov hamda Sulayman Satxanovning xonadonlariga tashrif buyurilib, harbiy xizmatchilar tomonidan uy-ro‘zg‘or ishlarida amaliy yordam ko‘rsatildi. Bu esa faxriylarning kundalik ehtiyojlarini yengillashtirish bilan birga, ularga bo‘lgan yuksak hurmat va e’tiborning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Faxriylar bilan samimiy muloqotlar jarayonida Shukura Ishmuratova urush yillaridagi og‘ir sinovlar, mashaqqat va yo‘qotishlarga to‘la kunlar haqida so‘zlab berdi. Uning matonat va sabr bilan bosib o‘tilgan hayot yo‘li bugungi avlod uchun haqiqiy jasorat maktabi bo‘lib yangradi. Faxriy bugungi tinch va osoyishta hayotning qadriga yetish, yurt tinchligi va xalq farovonligi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlar xotirasini e’zozlash har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanini alohida ta’kidladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.