“Air Europa” xalqaro reyslarida O‘zbekistonning turizm salohiyati namoyish etilmoqda
Yevropaning “Air Europa” aviakompaniyasiga tegishli 24 ta "Boeing" samolyotida O‘zbekistonga bag‘ishlangan 15 soniyalik audioli reklama roliklari namoyish etiladi.
Aksiya Turizm qo‘mitasi tomonidan “Digital IFE Services” xalqaro kompaniyasi bilan hamkorlikda “Air Europa” xalqaro reyslarida videorolik namoyish etish orqali mamlakatimizning sayyohlik imkoniyatini ommalashtirish maqsadida tashkil etildi.
Videoroliklar uch oy davomida Yevropa va Ispaniyaning yirik shaharlarini qamrab olgan qisqa masofali reyslarda uchish va qo‘nish vaqtida panel monitorlarida bir necha marta ko‘rsatiladi. Shuningdek, sentyabrdan boshlab uch oy davomida Lotin Amerikasi va AQSHga uzoq masofali reyslarda har bir teleko‘rsatuvdan oldin o‘rindiqlarning orqa ekranlarida namoyish etiladi.
Kampaniya davomida millionlab yo‘lovchilar O‘zbekistonning boy tarix, o‘ziga xos madaniyat va qulay sayohat uchun zamonaviy sharoitlarini o‘zida mujassam etgan noyob sayyohlik yo‘nalishi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
B.XUDOYBERDIEV,
O‘zA