Aholining ichimlik suvidan qarzdorligi kamaymoqda
Andijon viloyatida aholi xonadonlari, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda ishlab chiqarish korxonalarini ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, joriy yilda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 1 ming 730 kilometr ichimlik suvi tarmog‘ini, 200 dan ziyod suv inshooti va qudug‘ini qurish hamda rekonstruksiya qilish, viloyat aholisining ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasini 86,9 foizdan 88,3 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Ayni kunga qadar olib borilgan ishlar natijasida 1 ming 379 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi, 6 dona suv inshooti va 204 dona ichimlik suvi qudug‘i qurilib, rekonstruksiya qilindi.

Lekin yetkazib berilayotgan toza ichimlik suvi uchun to‘lovlarning o‘z vaqtidan to‘lanmayotganligi sohada belgilangan ishlarni to‘laqonli amalga oshirishda qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bugungi kunga kelib, viloyat aholisining yetkazib berilgan ichimlik suvi uchun qarzdorligi 19 milliard so‘mni tashkil etmoqda.
– Aholining qarzdorligini kamaytirish, ana shu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida viloyat hokimligi tashabbusi bilan korxonamizda maxsus shtab tashkil etildi, – deydi “Andijon suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Shuhratbek Matmusayev. – Qarzdorlikni so‘ndirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilanib, ana shu asosda amaliy ishlar olib borilmoqda.

Ta’kidlash joizki, shtab tashkil etilganidan so‘ng qarzdorlikni so‘ndirish borasidagi ishlar yanada jonlandi. Avvallari aholi tomonidan bir kunda 300-400 million so‘mlik to‘lov amalga oshirilayotgan bo‘lsa, ayni paytga kelib bu ko‘rsatkich 1,5 - 2 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Aholi o‘rtasida olib borilayotgan targ‘ibot va tushuntirish ishlari natijasida iste’molchilarning to‘lov madaniyati oshmoqda. Iste’molchilar nafaqat, to‘lovni amalga oshirmoqda, balki, suv hisoblash uskunalarini o‘rnatish orqali ham suvni, ham o‘z mablag‘ini tejashga alohida e’tibor qaratmoqda.
Bugungi kunda Andijon viloyatida aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi qariyb 87,5 foizni, foydalanilgan bir tonna ichimlik suvi uchun to‘lov qiymati 750 so‘mni tashkil etadi. Keyingi oydan viloyatda ichimlik suvi narxi ikki barobarga ortishi ko‘zda tutilgan.
Iste’molchilar to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirib borsa, suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmaydi, qolaversa, bu boradagi ishlar sifati yanada yaxshilanadi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA