Aholini tabiiy ofatlardan asrash – ustuvor vazifa
FOTOREPORTAJ
Bahor mavsumining seryog‘in kelishi tog‘li hududlar va alohida muhofazaga olingan maskanlarda tabiiy ofatlarning oldini olishni talab etadi. Ayni jihatlarni inobatga olib, Farg‘ona viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi davlat mulki hamda aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida izchil sa’y-harakatlar olib bormoqda.
Jarayonda toshqin suvlari va sel oqimlarini xavfsiz o‘tkazib yuborish, suv o‘tkazish qobiliyati pasaygan sel yo‘llarini tozalash, sel toshqinlari bilan bog‘liq tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlardan aholi va hududlarni muhofaza qilish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
[gallery-23138]
Viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari bilan hamkorlikda So‘x tumanida aholini sel-suv toshqinlaridan muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish asnosida mazkur yo‘nalishdagi faoliyat sarhisob etildi.
Ma’lum qilinishicha, tumanda sel va ko‘chki mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish hamda mavsumni talofatsiz o‘tkazish maqsadida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 15 tonna yoqilg‘i zaxirasi yaratildi. Xavfli hududlarda 7 ta nazorat-kuzatuv postlari tashkil etildi.
“Devayron”, Sho‘rbuloq, “Pallaxona” hamda “Mayravot” sel yo‘llarida rejadan tashqari “O‘nqirsoy” sel yo‘li o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarni mustahkamlash bo‘yicha maxsus taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi. Tadbir davomida ushbu o‘zanlar muhandislik texnikalari yordamida tosh va shag‘aldan hamda loyqadan tozalanib, qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlari olib borildi. Tuman komissiyasi tomonidan to‘rt marotaba hududlar bo‘ylab o‘rganish ishlari olib borilib, daryo va sel yo‘llariga yaqin 228 ta aholi xonadoni yo‘riqnomadan o‘tkazildi.
Press-tur davomida bu borada mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, tadbir yakunida Tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan maxsus-taktik o‘quv mashqlari tashkil etildi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA