Aholini ro‘yxatga olish nega kerak?
Aholini ro‘yxatga olish rasmiy statistika tizimidagi asosiy rol o‘ynaydigan muhim ko‘rsatgich hisoblanadi. Bunda aholi soni bo‘yicha aniq va ishonchli ma’lumot olish imkoni paydo bo‘ladi.
Aholini ro‘yxatga olish rasmiy statistika tizimidagi asosiy rol o‘ynaydigan muhim ko‘rsatgich hisoblanadi. Bunda aholi soni bo‘yicha aniq va ishonchli ma’lumot olish imkoni paydo bo‘ladi. Shu bilan birga avvalgi ro‘yxatga olishdan so‘ng o‘tgan davrda ro‘y bergan barcha demografik o‘zgarishlarni aholining jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, ma’lumoti darajasi, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa ijtimoiy va iqtisodiy xususiyatlari bo‘yicha ham aniq, tugal ma’lumot yaratiladi.
Manbalarda keltirilishicha, O‘zbekiston hududida dastlabki aholi ro‘yxati 1897 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, ushbu ro‘yxat ma’lumotlari XIX asr oxirida O‘zbekistonda mavjud oilalar soni, aholi soni, yoshi va jinsi, etnik tarkibi, tug‘ilish, o‘lim kabi demografik jarayonlar haqida tasavvur hosil qilishga yordam bergan. O‘zbekiston hududida keyinchalik 1926, 1939, 1959, 1970, 1979 va 1989 yillarda aholini ro‘yxatga olish ishlari tashkil etilgan.
Biroq, bugungi kungacha yurtimizda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazish tamoyillari, tashkiliy uslublarini aniqlash, qayta ishlash, umumlashtirish, natijalaridan foydalanish va tarqatish, aholini ro‘yxatga olish sub’ektlari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish yuzasidan huquqiy asos yaratilmagan.
Xalqaro tavsiyalarga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olishni markazlashtirish, ro‘yxatga olishning muntazamligi, maxsus tayyorlangan mutaxassislar – hisobchilar tomonidan o‘tkazilishi, aniq bir muddatda o‘tkazish, belgilab qo‘yilgan aniq dasturining mavjudligi va tadbirni unga qat’iy rioya qilgan holda o‘tkazish, aholining to‘liq qamrab olinishi, ma’lumotlarning maxfiyligi va shaxsiylashtirilishi, ixtiyoriylik kabi tamoyillarga asoslanadi.
Shu bois ham parlament quyi palatasining navbatdagi majlisida sohadagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining ikkinchi o‘qishdagi muhokamasi deputatlarning qizg‘in bahs-munozaralariga sabab bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 18 oktyabrdagi majlisida deputatlar tomonidan konseptual ma’qullangan edi.
Shundan keyin, mazkur qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash ustida qator ishlar olib borildi. Jumladan, birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish jarayonida deputatlar tomonidan bildirilgan taklif-mulohazalar inobatga olinib, qonun loyihasi takomiliga yetkazildi. Loyihaga o‘zgartirish, qo‘shimchalar va tahririy tuzatishlar kiritildi.
Majlisda deputatlar qonun loyihasida aholini ro‘yxatga olish hujjatlarini yaratish, tasdiqlash, saqlash, aholi to‘g‘risidagi shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ish tartibini aniqlash, ro‘yxatga olish natijalarini shakllantirish hamda ularni tarqatish kabi muhim jihatlar o‘z aksini topganini alohida qayd etdi. Umuman, aholini ro‘yxatga olishni qonun yo‘li bilan tartibga solishdan maqsad demografik, ijtimoiy-iqtisodiy statistik ma’lumotlarni shakllantirish va kelgusida ulardan milliy, mintaqaviy hamda xalqaro miqyosda foydalanish imkonini yaratishdan iboratdir.
“Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi xalqaro standartlarga javob beradigan moslashuvchan va oshkora huquqiy bazaning yaratilishi, sohadagi munosabatlarni har tomonlama tartibga solishni ta’minlaydi. Undan tashqari, aholini ro‘yxatga olish davrlari oralig‘ida aholi soni va tarkibining joriy hisobini yuritish, aholi sonining hisobi va prognozlarini amalga oshirish uchun statistik bazani yaratish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishda muhim huquqiy asos vazifasini o‘taydi.
Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.