Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda
Navoiy viloyatida 101 ming 656 ta aholi xonadonlari va 67 ta ijtimoiy soha ob’ekti suyultirilgan gaz bilan ta’minlanib kelinmoqda.
– Viloyat iste’molchilariga suyultirilgan gaz yetkazib berish uchun filial tasarrufidagi jami 31 dona avtotransport vositasi jalb qilingan, – deydi «Hududgaz Navoiy» gaz ta’minoti filiali muhandisi Ulug‘bek Nurimov. – bugungi kunda viloyat bo‘yicha jami 100 ming 21 dona maishiy gaz balloni mavjud bo‘lib, shundan 95 ming 18 donasi ijara shartnomasi asosida iste’molchilarga yetkazib berilgan. O‘tgan 2022 yilda yangidan suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan iste’molchilarga ijara shartnomalari asosida 1189 dona maishiy gaz balloni yetkazildi.
Maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz to‘ldirish filial tasarrufidagi 4 ta gaz to‘ldirish shoxobchasi va 1 ta gaz to‘ldirish stansiyasida amalga oshiriladi. Yakunlangan yilda gaz to‘ldirish shoxobchalari quvvatini oshirish va ish faoliyatini yanada yaxshilash maqsadida 2 dona kompressor, 3 dona generator, 2 dona Korken markali nasos hamda gaz to‘ldirish inshootlarini modernizatsiya qilish uchun 4 dona tarozi (kalonka) va og‘ir qoldiqlarni saqlashga mo‘ljallangan 2 dona 2,5 tonnalik maxsus sig‘imlar o‘rnatildi.
Xatirchi tumanida suyultirilgan gazdan foydalanuvchi aholi soni 28 ming 923 nafarni tashkil etadi. Tumanda aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash maqsadida «Xatirchi Uchqora» gaz to‘ldirish shoxobchasi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Aholiga birgina fevral oyining o‘zida qariyib 342 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan bo‘lib, shu kunga qadar 125 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.
– Shoxobchaning kunlik gaz tarqatish quvvati 18 tonna bo‘lib, bu yerdan har kuni gaz ballonlar ortilgan transport vositalari aholi xonadonlariga suyultirilgan gazni yetkazib berish maqsadida yo‘lga chiqadi, – deydi mazkur gaz to‘ldirish shoxobchasi sanoat xavfsizligi muhandisi Ilhom Muhimov. – Gaz to‘ldirish shoxobchasiga keltirilgan gaz ballonlari avval og‘ir qoldiqlardan tozalanadi. Keyin esa ularga maxsus elektron tarozilarda o‘lchangan holda 20 kilogrammdan suyultirilgan gaz to‘ldiriladi. Kunlik suyultirilgan gaz saqlash quvvati 45 tonna bo‘lgan shoxobchamizda ishchi-xodimlar uchun yetarli sharoitlar yaratilgan.
Tuman gaz bo‘limi hisobidagi gaz ballonlar soni 30 ming 199 donani tashkil etib, tumanda joylashgan gaz ballonlarni ta’mirlash va sinovdan o‘tkazish sexida ularning holati doimiy nazorat qilinadi va ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.
Tumanning Saroy mahallasida ham tasdiqlangan reja-grafikka asosan iste’molchilarga suyultirilgan gaz yetkazib kelinmoqda.
– Suyultirilgan gaz ballonlari vaqtida xonadonlarimizga yetkazib berilmoqda, – deydi mahalla fuqarosi Yulduz Alimova. – To‘lov tizimidagi qulayliklardan mamnunmiz. Qishning sovuq kunlarida ham suyultirilgan gazni yetkazib berishdan uzilish bo‘lgani yo‘q. Bundan xursandmiz.
E’tirof etish kerakki, «Hududgaz Navoiy» gaz ta’minoti filiali va tumanlar gaz bo‘limlari tomonidan aholining gaz ta’minotini yanada oshirish yo‘lida amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar mamlakatimizda inson qadri va manfaati yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA