Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasini ta’minlash qoidalari tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, shuningdek, fuqaro muhofazasini ta’minlash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, shuningdek, fuqaro muhofazasini ta’minlash qoidalari tasdiqlandi.
Qoidada quyidagi talablar ko‘rsatib o‘tilgan:
aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, tashkilotlar hamda fuqarolar uchun qo‘yiladigan talablar;
o‘ta muhim, toifalangan, yong‘in-portlash hamda kimyoviy xavfli va boshqa iqtisodiyot ob’ektlari, ta’lim va davolash-profilaktika muassasalari, odamlar gavjum bo‘ladigan joylar uchun belgilangan talablar;
aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga va fuqaro muhofazasi sohasida tayyorlashga oid qoidalar;
qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari uchun talablar;
favqulodda vaziyat ro‘y berish xavfi yoki favqulodda vaziyat ro‘y bergani haqida xabar berishning avtomatlashtirilgan tizimi bo‘yicha talablar;
xavfli gidrometeorologik hodisalar va geologik hududlar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, radiatsion, kimyoviy va tibbiy-biologik muhofazani hamda seysmik xavfsizlikni taminlashga oid talablar;
favqulodda vaziyat sodir bo‘lganda harakat qilish qoidalari.
Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish
va fuqaro muhofazasini ta’minlash qoidalari O‘zbekiston Respublikasining “Aholini va hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Fuqaro muhofazasi to‘g‘risida”gi qonunlariga hamda sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasini ta’minlash talablarini belgilaydi.
Mazkur qaror uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zA