Aholi uchun sevimli maskanga aylanadi
Buxoro shahridagi Olim Xo‘jayev mahallasida zamonaviy infratuzilma uyg‘unlashgan 24/7 rejimida ishlaydigan ko‘cha o‘z faoliyatini boshladi. Viloyat prokuraturasi tomonidan amalga oshirilgan xayrli tashabbus uchun mahalliy byudjet hisobidan 7,2 milliard so‘m hamda tadbirkor va tashabbuskor homiylar hisobidan 8,7 milliard so‘m sarflandi.
Loyiha doirasida ushbu ko‘chada 90 ga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati kengaytirilgani nafaqat mahalla, balki shaharning iqtisodiy imkoniyatlarini rivojlantirishga turtki bo‘ldi. Tadbirkorlik binolarining birinchi qavatida turli xil kafelar, restoranlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur tashabbus nafaqat iqtisodiy faollikni oshirish, balki Buxoroning boy madaniy va gastronomik merosini yanada keng targ‘ib etishga xizmat qiladi. Yangi gastronomik ko‘cha bugungi kunda shahar aholisi va mehmonlar uchun dam olish, oilaviy hordiq chiqarish uchun sevimli maskanga aylanmoqda.
Mazkur ko‘chaning ramziy ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, shahar aholisi va mehmonlarni Yangi yil bayrami va unga hamohang ish boshlayotgan gastronomik ko‘cha ochilishi bilan qutladi.

Viloyat rahbari o‘z nutqida bevosita davlatimiz rahbari tomonidan mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, odamlarning hayot farovonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Tadbir bayramona konsert dasturi bilan yanada fayzli bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.