Aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida
Jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanish inson salomatligi uchun nihoyatda ahamiyatli ekanini pandemiya davri ko‘rsatdi.
Shu bois mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish orqali har bir fuqaroda kasallikka qarshi kuchli immun tizimi paydo bo‘lishini ta’minlash, zararli odatlardan voz kechish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga amal qilish, tiklash va reabilitatsiya ishlari hamda ommaviy jismoniy faollik tadbirlarini tizimli va samarali tashkil qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, aholi, shuningdek, o‘sib kelayotgan yosh avlodni jismoniy tarbiya va ommaviy sportga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu aholi salomatligini, qolaversa, yoshlarning kuch va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralash ishlarini tizimli tashkil etish, jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Buni O‘zbekiston yoshlarining Olimpiya o‘yinlari, Jahon chempionatlari, Osiyo o‘yinlari va chempionatlari, xalqaro musobaqalarda erishayotgan yuksak natijalari misolida ko‘rish mumkin.
Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni va O‘zbekistonda Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13-fevraldagi “2019-2023 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” gi, 2021 yil 5 noyabrdagi “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorlari mamlakatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportning rivojida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Shu yilning 1 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilishda sohadagi ishlar sarhisob qilinib, kelgusidagi dolzarb vazifalar belgilab berildi.
Xususan, yil davomida 6 million o‘g‘il-qizni ommaviy sport tadbirlariga qamrab olish, buning uchun 10 apreldan boshlab, mahalla, tuman, viloyat va respublika bosqichlaridan iborat ommaviy sport tadbirlarini o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Ularni tashkil etish uchun “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan har bir viloyatga 100 million so‘mgacha, g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash uchun 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar tuman va shahar, viloyat hamda milliy terma jamoalar tarkibiga saralab olinadi.
Shu o‘rinda qayd etish joizki, respublika aholisini ommaviy sportga jalb etish uchun 2021 yil mobaynida 110 mingdan ortiq ommaviy sport tadbirlari tashkil etilib, aholining 26,7 foizi jalb qilingan bo‘lsa, 2022 yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni 33 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadlarni amalga oshirishda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu boradagi vazifalar sohadagi har bir muassasa va mas’ullar zimmasiga katta vazifa va mas’uliyat yuklaydi. Shu jumladan, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti ham ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarda asosiy ishtirokchi bo‘lishi lozim.
Jamshid Umarov,
O‘zDJTSU Jismoniy tarbiya nazariyasi va uslubiyati
kafedrasi mudiri, professor
O‘zA