Aholi salomatligi – doimiy e’tiborda
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov ayni vaqtda xizmat safari bilan Namangan viloyatida bo‘lib turibdi.
Vazir boshchiligidagi Ishchi guruhi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abdulhodi Iminov va Namangan shahri hokimi Anvarjon Otaxo‘jayev hamda boshqa tegishli tashkilot va muassasalar mutasaddilari hamrohligida Namangan shahridagi 12-sonli oilaviy poliklinikada bo‘ldi.
Mazkur shifo maskanida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish holati yaqindan o‘rganildi. O‘n mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadigan poliklinikada raqamlashtirish jarayonlari hamda “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari e’tirof etildi.
Asilbek Xudoyorov tibbiyot vakillariga oilada tibbiy madaniyatni oshirish, fuqarolar salomatligini, ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlab, bu borada patronaj hamshiralarining faolligi va mas’uliyatini yanada kuchaytirish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Shuningdek, Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialida viloyatdagi tibbiy muassasalar rahbarlari va Yangi Namangan tumanidagi “mahalla yettiligi” bilan ham muloqotda bo‘ldi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA