Aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklarning oldi olinmoqda
Mutaxassislarning ta’kidlashicha yoz faslida boshqa vaqtlarga qaraganda turli yuqumli kasalliklar ko‘payadi. Bu esa favqulodda holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli yil 12 oy soha xodimlaridan belgilangan chora-tadbirlar asosida ishni tashkil etish va mas’uliyat talab etadi.
Muxbirimiz Navoiy viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i Zafar Azimov bilan viloyatda epidemiologik vaziyatni barqaror saqlash, kasalliklarning oldini olishda amalga oshirilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar haqida suhbatlashdi.

– Boshqarmamiz va uning shahar, tuman bo‘limlari tomonidan belgilangan tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli amalga oshirilishi natijasida 2024 yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatda bir qator yuqumli va parazitar kasalliklar, jumladan, ich terlama, paratif, salmonellyoz, bo‘g‘ma, difteriya, polimiyelit kabi kasalliklar umuman qayd etilmagan.

Viloyat aholisi o‘rtasida epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash maqsadida 2024 yil 27 fevralda “Viloyatda bolalar o‘rtasida virusli gepatitning A turi bilan kasallanishni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish bo‘yicha 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma chora-tadbirlar to‘g‘risida” Tashkilotlararo dastur tasdiqlangan. Ushbu chora-tadbirlar ijrosi bo‘yicha olib borilgan profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar samarasi natijasida 2024 yilning o‘tgan 6 oyi davomida 14 yoshgacha bo‘lgan 7 ming 126 nafar bola virusli gepatitning A turiga qarshi emlandi. Bemor bilan muloqotda bo‘lgan 17 ming 886 nafar fuqaro laborator usulda tekshirildi.

– Viloyat hududida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar belgilangan?
– Albatta, o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning oldini olish, belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish har doim muhim vazifalardan biri sanaladi. Shuning uchun viloyatda 1193 nafar antirabik yordamga murojaat qilgan shaxslarning 1029 nafariga shartli va 164 nafariga to‘liq emlash kursi o‘tkazilgan. Aholi o‘rtasida zooantroponoz o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar, shu jumladan, Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kasalligini oldini olish bo‘yicha 2024 yilning o‘tgan davrida 11 ming 743 nafar tibbiyot xodimlari qayta tayyorgarlikdan o‘tkazildi.

Joriy yilda shahar va tumanlarda keyingi 5 yilda Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kasalligi bilan kasallanib sog‘aygan 20 nafar fuqaroning qon zardoblari optik zichligi va xavfsizligi boshqarmaning o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar laboratoriyasida tekshirilib, ular donor sifatida foydalanish maqsadida tayyorlab qo‘yildi. Bugungi kunda viloyat qon quyish maskanida 10,5 l muqaddam Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kasalligi bilan og‘rib, sog‘aygan bemorlarning qon zardobi zaxirasi mavjud.

– Ma’lumki, yuqumli kasalliklarning oldini olishda emlashning foydali jihatlari ko‘p. Bu boradagi ishlar qanday yo‘lga qo‘yilgan?
– Viloyatda O‘zbekiston Respublikasi Milliy emlash kalendari asosida profilaktik va epidemik ko‘rsatma asosida emlashlar olib borilmoqda. Jumladan, viloyatning tug‘ruq komplekslari va tug‘ruq bo‘limlarida tug‘ilgan 8 693 nafar chaqaloq virusli gepatit V kasalligiga qarshi VGV vaksinasi bilan, 8 600 nafari sil kasalligiga qarshi BSJ vaksinasi bilan emlandi.

Birlamchi davolash profilaktika muassasalaridagi emlash punktlarida 11 676 nafar bola poliomiyelitga qarshi OPV vaksinasi bilan, 9 714 nafari IPV vaksinasi bilan, 9 360 nafari tarkibida 5 xil yuqumli kasallikka qarshi komponent saqlagan Pentavalent vaksinasi bilan, 9 139 nafar bola rotavirusga qarshi Rota vaksinasi bilan bilan emlandi. Shuningdek, bolalarda pnevmokokk, qizamiq, qizilcha, epidemik parotit, bachadon bo‘yni saratoni kasalligini keltirib chiqaruvchi odam papilloma virusiga qarshi vaksinalar bilan ham emlash ishlari olib borildi.
Viloyat aholisi, xususan, bolalar o‘rtasida parazitar kasalliklarning oldini olish maqsadida 2-10 yoshdagi bolalar o‘rtasida gijja kasalligi bilan kasallanganlar va ular bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarni davolash uchun hududiy davolash profilaktika muassasalariga kerakli preparatlar tarqatilib, kasallik aniqlangan bolalarda davolash tadbirlari olib borildi.
–Maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida sanitariya-gigiyenik tadbirlarni ta’minlash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Albatta, viloyatda muntazam ravishda maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarining sanitariya-gigiyenik holati yuzasidan o‘rganishlar olib boriladi. Joriy yilning o‘tgan davrida jami 459 ta muassasada, jumladan, 231 ta maktabgacha ta’lim muassasasida, 2 ta maktab internatda, 190 ta umumta’lim maktabida, 14 ta o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida va 22 ta boshqa muassasalarda tekshiruvlar o‘tkazildi.
Tekshirishlarda aniqlangan kamchiliklar sanitariya qoida va me’yorlariga rioya qilmaganligi hamda laboratoriya tahlil natijalariga asosan 319 ta ta’lim muassasalari xodimlariga jarima chorasi qo‘llanildi. 7 ta muassasa ish faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, 182 ta xodim tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganligi sababli vaqtincha ishdan chetlatildi, qariyb 77 kg sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari iste’molga yaroqsizligi aniqlanib, iste’moldan olindi.
Shuningdek, 219 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida belgilangan tartibda rejadan tashqari tekshirishlar o‘tkazilib, ularning 50 tasida kamchiliklar aniqlandi va ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi.
O‘zA muxbiri Abduvali Bo‘riyev suhbatlashdi