Aholi murojaatlari qonuniy yechim topmoqda
Fuqarolarning murojaatlarini yashab turgan hududning o‘zida o‘rganish, ularni qiynab kelayotgan muammolarga tezkor va qonuniy yechim topish maqsadida Sirdaryo viloyatida sayyor qabullar izchil tashkil etilmoqda.
Navbatdagi sayyor qabul Sirdaryo tumanining Islomobod mahallasida o‘tkazildi. Unda Sirdaryo viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i Inomjon Qudratov hamda Sirdaryo viloyati Bojxona boshqarmasi boshlig‘i Nodirbek Salimjonov ishtirok etib, fuqarolarning murojaatlarini tingladi.

Qabul davomida aholini qiynab kelayotgan uy-joy, ijtimoiy himoya, fuqarolik holati dalolatnomalarini rasmiylashtirish, mulkiy munosabatlar, tadbirkorlik va qurilish sohasiga oid masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Jumladan, “Darxon” ko‘chasida yashovchi Rahmon Mamatqulov uy-joy bilan bog‘liq masala yuzasidan, “Yoshlik” ko‘chasi istiqomatchisi Abdusattor Xolmurodova nabirasiga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani rasmiylashtirish, Dilrabo Asqaraliyeva esa bola nafaqasini tayinlash masalasida murojaat qildi.

Shuningdek, tadbirkor Anvar Abduqodirovning qo‘shimcha qurilishga oid murojaati mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirokida muhokama qilinib, uni qonuniy hal etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilandi. Zuhra Ergashevaga esa hadya shartnomasini rasmiylashtirish hamda mulkiy huquqlarga oid masalalar yuzasidan batafsil huquqiy maslahat va tavsiyalar berildi.
Sayyor qabul davomida jami 20 dan ortiq murojaat qabul qilindi. Ularning 5 tasi joyida ijobiy hal etildi. 10 ta murojaat bo‘yicha fuqarolarga amaldagi qonunchilik talablari asosida huquqiy tushuntirish va tavsiyalar berildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab etuvchi 6 ta murojaat esa belgilangan tartibda ish yurituvga olinib, ijrosi nazoratga qo‘yildi.

Ta’kidlanganidek, bunday sayyor qabullar davlat idoralari bilan aholi o‘rtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni o‘ylantirayotgan masalalarni ortiqcha ovoragarchiliksiz hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Sayyor qabul yakunlanganidan so‘ng Sirdaryo viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i Inomjon Qudratov mahalla nuroniysi, ichki ishlar organlari faxriysi Ergash Abduqodirov xonadoniga tashrif buyurdi. Tashrif chog‘ida xonadonda tashkil etilgan mo‘’jaz muzey bilan tanishildi. Suhbat davomida yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, keksalarni e’zozlash va faxriylarning hayotiy tajribasini yosh avlod tarbiyasida samarali qo‘llashga qaratilgan islohotlar xususida fikr almashildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri