Aholi murojaatlari ijobiy hal etilmoqda (+video)
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sog‘liqni saqlash hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari boshliqlari ishtirokida sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyili asosida fuqarolarning ijtimoiy muammolari hal etilib, huquqiy va qonuniy manfaatlari ta’minlanmoqda.
– Bugun tumanimizda sayyor qabul o‘tkazildi, – deydi Rahmat G‘aybullayev. – Men Tojikon mahallasidan keldim. Ayolim sog‘ligini tiklash bo‘yicha murojaat qildim. Soha mutaxassislari “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan ayolimning operatsiyasi uchun dori-darmonga mablag‘ ajratishadigan bo‘ldi. Murojaatim ijobiy hal etilganligidan xursandman.
[gallery-19486]
Sayyor qabulda fuqarolar tomonidan qilingan har bir murojaat birma-bir o‘rganilib, aksariyat muammolar ijobiy hal etildi. Murojaatlar asosan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan sog‘ligini tiklash uchun moddiy yordam ajratish, nogironlikni belgilash, ishga joylashtirish va imtiyozli kreditlar ajratish masalalariga doir bo‘ldi.
Qabul davomida og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilalarni kambag‘allikdan chiqarish va daromadini oshirish uchun mavjud imkoniyatlar bo‘yicha ham tavsiyalar berildi. Xususan, muloqotda ularning bandligini ta’minlash uchun hududdagi bo‘sh ish o‘rinlari hamda daromadlarini oshirish uchun subsidiya va imtiyozli kreditlar taklif etildi.
– Kelinim og‘ir kasallikka uchrab, qiynalib qoldik, – deydi Ra’no Fayziyeva. – Sakkiz oy davomida davolatib, juda ham yordamga muhtoj bo‘ldik. Avvalgi sayyor qabulda murojaat qilgan edim. Murojaatim inobatga olinib, hal etildi. Kelinimga 1-guruh nogironligi tayinlandi. Davolanishga avtomashina ajratildi. Dori-darmon uchun pul berildi. Kelinimning uchta farzandi bor. Bittasi maktabda o‘qiydi. Bepul kurslarga qo‘yildi. Mahallamizdagi ijtimoiy xodim tomonidan bolalar aravachasi olib kelib berildi.
Shuningdek, Zarafshon shahrining Alisher Navoiy mahallasida ham sayyor qabul tashkil etildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/m8LWVe8_j7g" title="Aholi murojaatlari ijobiy hal etilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Unda tibbiy-ijtimoiy muassasalarga davolanish va reabilitatsiya dasturini o‘tash uchun yo‘llanma berish, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan sog‘ligini tiklash uchun moddiy yordam ajratish, nogironlikni belgilash, ishga joylashtirish kabi masalalarda 20 ga yaqin murojaatlar qabul qilindi.
– Nogironlikni belgilash uchun sayyor qabulga kelib, murojaat qildim, – deydi Gulniyoz Xudoyberdiyeva. – Murojaatim ijobiy hal bo‘lganidan minnatdorman. Hamma narsa bepul bo‘ldi. Ertaga Navoiy shahriga boraman. Tekshiruv ham, ko‘riklar ham bepul. Tekshiruvdan keyin nogironlik berilishi aytildi.
Albatta sayyor qabulda tinglangan har bir murojaat ortida inson taqdiri turibdi. Jarayonda muammolarni o‘rganishda ana shu jihatga e’tibor qaratildi.
Vaqt va mablag‘ talab etadigan muammolar ijrosini ta’minlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, nazoratga olindi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari