Aholi murojaatlari doimiy e’tiborda
Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov boshchiligidagi idoralararo ishchi guruhi hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati hamda davlat dasturlarining ijrosini ta’minlash, shuningdek huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish maqsadida Toshkent viloyatida manzilli tadbirlarni olib bormoqda.
Xususan, Adliya vaziri o‘rinbosari M.Ikramov boshchiligida viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Ohangaron tumanida sayyor qabul o‘tkazildi. Unda tumandagi “Qoraxitoy”, “O‘zbekiston”, “Yonariq” va “Yantoqtepa” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi qamrab olindi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ga kiritilgan aholiga dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalari ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, moddiy yordam, subsidiya ajratish kabi qator ijtimoiy himoya bilan bog‘liq boshqa sohalarda ham huquqiy targ‘ibot tadbiri olib borildi. Tadbirlarda 67 nafar fuqaro ishtirok etib, 29 nafar fuqaroga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Ishchi guruhining navbatdagi manzili Nurafshon shahridagi “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘ldi. 3 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan mazkur hududda ham sayyor qabul o‘tkazilib, fuqarolarni qiynab kelayotgan murojaatlari yuzma-yuz eshitildi.
– So‘nggi yillarda tegishli idora va tashkilot rahbarlari mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, har bir xonadonning sharoiti bilan tanishib, aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni o‘rganib, ularni tezkor va samarali hal qilish choralarini ko‘rmoqda, – deydi “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Hayitmat Yo‘ldoshev. – Asosiy e’tibor – og‘ir ijtimoiy ahvoldagi, yakka-yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan insonlarni qiynayotgan masalalarga yechim topishga qaratilmoqda. bugungi sayyor uchrashuvning yana bir muhim jihati mas’ullar, ishchi guruhi a’zolari bevosita hududlarga chiqib, o‘sha yerda mahalla faollari, oqsoqollar, keksa nuroniylar, faollari bilan mavjud muammolar xususida muhokamalar o‘tkazib, ularga joyida yechim izlamoqda. Bu esa aholining turmush darajasi va sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Qabul jarayonida 34 nafar fuqaro ishtirok etib, ularga huquqiy tushuntirish berildi. Notarius tomonidan ishtirokchilardan kelib tushgan hadya, oldi-sotdi shartnomalari, ishonchnomalar, oilalarda huquqiy vorislik bilan bog‘liq nizolarning oldini olish bo‘yicha savollarga javob berildi. Shahar adliya bo‘limi tomonidan 11 nafar fuqaroning murojaati ish yurituvga qabul qilindi. Shu yerning o‘zida 6 nafar fuqaroga sayyor notarial harakat amalga oshirildi. 5 ta davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Ishchi guruhining manzilli tadbirlari davom etmoqda.
A.Musayev,O‘zA.