Aholi murojaatlari bilan ishlashda yangicha tizim
Buxoro viloyatida 4-sektor ishchi guruhi tomonidan odamlarni murojaat qilishga majbur etayotgan muammolarni mahallaning o‘zida bartaraf qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shofirkon tumani 4-sektor hududidagi “Tezguzar” mahalla fuqarolari yig‘inida tashkil etilgan sayyor qabulda muammosi ko‘pdan beri ijobiy yechim topmayotgan 34 nafar fuqaroning masalasi Xalq qabulxonasi, tuman hokimligi va 4-sektor rahbarlari tomonidan qayta ko‘rib chiqildi.
Qabul davomida 4 ta murojaat shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. 22 nafar fuqaroning murojaati qisqa muddat ichida hal etilishi belgilab olindi.
–Tikuv mashinasi olib berilishi bo‘yicha ko‘p bora murojaat qilgandim, – deydi “Tezguzar” MFY “Tezguzar” qishlog‘ida yashovchi fuqaro Umida Namozova. – Murojaatim bugun o‘z yechimini topdi. Bundan juda xursandman.
Shuningdek, “Xo‘ja Orif” MFY, “Sariro‘d” ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro Munira Bozorovaning dori-darmon uchun moddiy yordam, shu yerlik Munavvar Saidovaning nevarasi uchun xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotiga to‘lanadigan oylik to‘lovida moddiy yordam berilishi hamda To‘lqinjon Toxirov va Dilmurod Axmadovlarning ishga joylashish to‘g‘risidagi murojaatlari shu yerning o‘zida ijobiy yechim topdi.
Ijrosi muayyan vaqt va mablag‘ talab etadigan qolgan 8 masala yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi. Ijrosi mutasaddilar tomonidan nazoratga olindi 4-sektor rahbari shu kuni sektor hududidagi “Xo‘ja Orif” mahalla fuqarolar yig‘ini “Shofirkon shoh ko‘chasi”dagi ko‘p qavatli uylar, ko‘chalar, bo‘sh turgan binolar va boshqa joylardagi mavjud holatlarni o‘rgandi.

Hududni obodonlashtirish, ariqlarning tozalanganligi holati, ichki yo‘llar, yo‘lakchalar ahvoli, bolalar maydonchalari va aholining muammoli masalalarini o‘rganib, aniqlangan masalalarni zudlik bilan hal etish choralarini ko‘rdi.
Ishchi guruhi, bu yerda tuman obodonlashtirish bo‘limining xodimlari yordamida obodonchilik ishlarini olib bordi. Mazkur xayrli ishga mahalla ahlining o‘zlari ham qatnashdi.
Ana shunday xayrli ish 4-sektor hududidagi “Xorkash” mahalla fuqarolar yig‘ini “Novoboshi” qishlog‘ida ham davom etdi.
Ushbu ko‘cha aholisini ko‘pdan buyon yo‘l muammosi qiynab kelardi. Shu yerlik aholi, ayniqsa, yog‘ingarchilik kunlarida ushbu tuproq yo‘ldan ming bir azob bilan o‘tib-qaytishga majbur edi. Afsuski, qayta-qayta murojaatlar ham shu kungacha cho‘zilib keldi.
Shu kuni homiylar ko‘magida qariib 300 metr masofadagi mazkur ichki yo‘lga shag‘al yotqizildi. Maxsus texnika bilan tekislandi.
bugungi kunda hududdagi umumta’lim maktablarini yangi o‘quv yiliga tayyor holatga keltirish masalasiga sektor rahbarlarining o‘zlari bosh-qosh bo‘lmoqda.
Xususan ular shu kunlarda sektor hududidagi umumta’lim maktablarida amalga oshirilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlarini jadallashtirdi. O‘quvchi va o‘qituvchilar uchun munosib sharoitlar yaratish, maktablarni zamonaviy qiyofaga keltirishga o‘z hissasini qo‘shdi.
Sektor rahbarining ta’kidlashicha, joriy yil avgust oyining 10 sanasigacha 4-sektor hududidagi barcha maktablar yangi o‘quv yiliga shay holatda bo‘ladi.
Ayni paytda bu yerda aholining yashash tarzini yaxshilash, qulay shart-sharoit yaratish, aniqlangan muammolarga ijobiy yechim topish yuzasidan ishlar davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA