Aholi muammolarini hal etish – eng muhim vazifa
Navoiy viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi rahbarligida vazirliklar, sektorlar, hududiy tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirokida uch kunlik ommaviy sayyor qabul bo‘lib o‘tmoqda.
Aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar muammolari bilan ishlashni samarali tashkil etish, hududlarda yechimini kutayotgan masalalarni “mahallabay” o‘rgangan holda joyida va tezkorlik bilan hal etish maqsadida tashkil etilgan ushbu ommaviy sayyor qabul viloyatning 3 ta hududida tashkil etildi.
Qabulning birinchi kunida Zarafshon shahridagi 7-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlarida istiqomat qilayotgan aholi 30 ga yaqin vazirlik va idoralar rahbar va vakolatli mas’ullariga asosan ish bilan ta’minlash, moddiy ko‘mak va imtiyozli kredit berish, savdo faoliyati uchun joy ajratish, sud-huquq va boshqa masalalarda yordam so‘rab murojaat qildi. Ommaviy sayyor qabulning ikkinchi kuni Navbahor tumanidagi “Keskanterak” madaniyat uyida Navbahor, Nurota, Qiziltepa, Konimex va Xatirchi tumanlari aholisi uchun tashkil etilib, unda fuqarolar o‘zlarini qiynab kelayotgan masalalar bo‘yicha mas’ullardan yordam so‘rashdi.
– Ikki yildan buyon tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelaman, – deydi Xatirchi tumanidagi “Langar gilamlari” korxonasi rahbari Saodat Berdiyorova. – Korxonamda 24 nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlangan. Asosan qo‘lda gilam to‘qish faoliyati bilan shug‘ullanamiz. bugungi qabulda viloyat hokimi bilan uchrashib, mahsulotlarimizni sotish, chet eldan xaridorlar topish va Langar qo‘rg‘onimizda turizmni rivojlantirish maqsadida mehmon uyi ochishga amaliy yordam so‘rab murojaat qildim. Murojaatim inobatga olinib, amaliy yordam beriladigan bo‘ldi. Tumanimiz mutasaddilariga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berilib, ularning ijrosini shaxsan viloyat hokimining o‘zi nazoratga olishini bildirdi.
Sayyor qabullarda xalq bilan yuzma-yuz muloqotga kirishish, mavjud masalalarni manzilli o‘rganish va samarali yechim topishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Adliya tizimi mas’ullari tomonidan ham aholining murojaatlari alohida o‘rganilib, ularga huquqiy ko‘mak berilmoqda. Ikki kunlik qabul davomida ish stajini tiklash, kadastr, tug‘ilganlik va o‘lim guvohnomalari olish, tadbirkorlik sub’ekti ochish, bandlik, nogironlikni belgilash, bank-kredit, shartnomaviy masalalar, “e-auksion” tizimi orqali yer olish masalalarida murojaatlar qabul qilindi. Unda 30 nafar fuqaroga huquqiy tushuntirish berilib, 20 ga yaqini tegishliligiga ko‘ra davlat tashkilotlariga yo‘naltirildi. Bundan tashqari, 5 nafar fuqaroga tadbirkorlik sub’ekti ochish, 8 nafar murojaatchiga elektron imzo olish, 3 nafar fuqaroga uy-joy bilan bog‘liq masalada davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2 nafar juftlikka nikoh guvohnomasini olishda ko‘maklashildi.
[gallery-7435]
Fayziyeva Muazzam 10 yildan buyon farzandiga yaratgandan shifo tilab yashayapti. Oilaning topgani qozon qaynatishdan ortmaydi. Bir necha oydan buyon parvarishlash nafaqasi olish uchun ovora bo‘layotgan M.Fayziyeva sayyor qabulda davlat xizmatlariga murojaat qilish orqali masalasiga yechim topdi. Mazkur yo‘nalishda adliya tizimi mutasaddilari qabulida bo‘lgan 10 ga yaqin murojaatchilarning muammosi joyida ijobiy hal etildi.
– 6 yoshli farzandimning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini yo‘qotib qo‘yganim uchun qayta guvohnomani Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan olishim kerak ekan, – deydi Navbahor tumanining “G‘ujbog‘” mahallasida istiqomat qiluvchi Sitora Tursunova. – Boshqa hududga chiqish, yo‘l va guvohnoma olish xarajatlari oila iqtisodiga to‘g‘ri kelmagani bois, 2 yildan buyon farzandimning guvohnomasi yo‘q edi. bugungi qabulda murojaatim ijobiy hal etilib, farzandimga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma topshirildi.
Bo‘lib o‘tayotgan qabulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari H. To‘raxo‘jayev va sudyalar 30 nafar fuqaroni qabul qildi.
– Qabul qilingan murojaatlarning 15 tasi jinoyat ishlari, 11 tasi fuqarolik ishlari, 2 tasi iqtisodiy ishlar, 2 tasi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlarga oid murojaatlarni tashkil etadi, – deydi Navoiy viloyati sudi jamoatchilik va OAVlar bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultanti Aziza Ro‘ziyeva. – Murojaatlardan 21 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi, 9 ta murojaat bo‘yicha arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilindi.
Navbahor tumanida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda fuqarolar tomonidan gaz ta’minoti sohasiga oid 17 ta murojaat qilindi. Ushbu murojaatlarning 14 tasi Navbahor va 3 tasi Xatirchi tumaniga tegishli.
– Murojaatlar egalari yashaydigan hududlar tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgani uchun suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadi, – deydi Hududgaznavoiy" gaz ta’minoti filiali axborot xizmati rahbari Zebo Qutliyeva. – Hozirda reja-grafik asosida iste’molchilarga belgilangan muddatlarda maishiy ballonlarda suyultirilgan gaz yetkaziladi. Ushbu iste’molchilar o‘zlari yashaydigan hududni tabiiy gaz tarmog‘iga ulab berilishini so‘rab murojaat qildi. Iste’molchilarga hududlardagi tabiiy gaz resursi bilan bog‘liq vaziyat haqida tushuntirish berildi. Shuningdek, sayyor qabullar jarayonida Konimex tumani, "Sarjal" ovul fuqarolar yig‘inining "Urojan" ovuli aholisiga suyultirilgan gaz tarqatildi.
Ommaviy sayyor qabul Karmana tumanida Navoiy shahri, Karmana va Qiziltepa tumanlari aholisi ishtirokida davom etmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA.