Aholi dasturxoni to‘kin
Samarqand viloyati dehqon bozorlari va savdo majmualarida Yangi yil bayrami oldidan qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari o‘tkazilmoqda.
Samarqand viloyati dehqon bozorlari va savdo majmualarida Yangi yil bayrami oldidan qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari o‘tkazilmoqda.Aholi dasturxoni to‘kin-sochinligini ta’minlash, bozorda narx barqarorligini saqlash maqsadida tashkil etilgan an’anaviy yarmarkaga viloyatdagi ta’minotchi korxonalar, agrofirma va fermer xo‘jaliklari, parrandachilik fabrikalari biriktirilgan. Ularga har bir savdo nuqtasida to‘lov terminali o‘rnatish, mahsulotni sifatli va arzon narxda yetkazib berish hamda yuksak savdo madaniyati asosida sotish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan.
Samarqand shahridagi besh dehqon bozori hamda Farhod, Kimyogarlar va So‘lim shaharchalarida ana shunday yarmarkalar faoliyat olib bormoqda. Ushbu maskanlarda arzonlashtirilgan mahsulotlar sotuvini yo‘lga qo‘yish uchun ularning har biriga ikkitadan tuman mas’ul hisoblanadi.
Siyob dehqon bozori hududidagi bayram yarmarkasiga Samarqand va Oqdaryo tumanlari fermer xo‘jaliklari tomonidan meva-sabzavot, poliz mahsulotlari, sut, tuxum va baliq yetkazib berilmoqda. “Kattaqo‘rg‘on parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyati esa parhez go‘sht savdosini yo‘lga qo‘ygan.
– Hududimizdagi yigirmaga yaqin fermer xo‘jaligi belgilangan jadval asosida yarmarkada o‘z mahsulotlarini sotmoqda, – deydi Samarqand tumanidagi “Navro‘z” agrofirmasi raisi Orif Hasanov. – Savdoga chiqarilayotgan mahsulotlarning asosiy qismi muzlatkichli omborlarda saqlangani va har kuni keltirib sotilayotgani uchun ham sifati yuqori. Narxi xaridorlarga manzur.
– Bozorga kelayotganimda bayram oldidan narxlar ko‘tarilib ketgandir, degan o‘yda edim, – deydi Nazira Muhsinova. – Lekin yarmarkada mahsulotlar ancha arzon sotilayotgan ekan. Ro‘zg‘or uchun zarur meva-sabzavot, go‘shtni shu yerdan xarid qildim. Yarmarka tashkilotchilaridan minnatdormiz.